Jizzaxda ona-bola maktab direktorlari byudjet mablag‘larini o‘zlashtirib kelgani aniqlandi 

3-sahifa

image

Jizzaxda byudjet mablag‘larini o‘zlashtirib kelgan ona-bola maktab direktorlari aniqlandi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, fuqaro F.B. va boshqalarning Jizzax viloyati Paxtakor tumanidagi 14-sonli bolalar musiqa va san’at maktabi mansabdor shaxslarining xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib yo‘llagan murojaati mutaxassislar ishtirokida o‘rganilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu maktab direktori V.M. o‘z xizmat mavqeyidan foydalangan holda aslida maktabda ishlamagan turmush o‘rtog‘i O.A.ga ovoz berish operatori sifatida 2019-2023 yil 1 mayga qadar 47,3 mln so‘m, shuningdek, omborchi vazifasiga ishga qabul qilingan fuqaro N.E. ga 2022-2023 yil 1mayga qadar 6,9 mln so‘m ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarni noqonuniy to‘lagani aniqlangan. Bundan tashqari, u 2014 yilda ishdan bo‘shagan D. H.ga esa 2016 yilga qadar 22,9 mln so‘m ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarni noqonuniy to‘lab, jami 77,1 mln so‘m byudjet mablag‘larini talon-toroj qilgan.

Shuningdek, V.M. Zafarobod tumanidagi 9-sonli bolalar musiqa va san’at maktabida direktor vazifasida ishlab kelayotgan o‘g‘li R.D. bilan jinoiy til biriktirib, o‘z rahbarligidagi maktab xodimlari N.Yu. va I.T.ning xabardorligisiz, ularni bir vaqtning o‘zida o‘g‘li rahbarligidagi maktabda ishlagani to‘g‘risida soxta hujjatlar rasmiylashtirgan. Ona-bola 2017-2022 yillar davomida ushbu ikki xodimga majburiy ishlanmalardan tashqari jami 69,8 mln so‘m ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarni noqonuniy to‘lab, umumiy hisobda 146,9 mln so‘mlik byudjet mablag‘larini o‘zlashtirgan.

O‘rganish natijasi bo‘yicha to‘plangan hujjatlar joriy yilning aprel oyida Bosh prokuraturaga yuborilgan.

Joriy yilning 16 iyun kuni Paxtakor tumanidagi 14-sonli bolalar musiqa va san’at maktabi mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 167-moddasi 2-qismi “a”, “b”, “g” bandlari va 209-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda tuman prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Jizzax byudjet mablag'lari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing