Jizzaxda investitsiya loyihalari uchun 2,7 mlrd dollar ajratiladi
Jamiyat
−
30 yanvar 2132 3 daqiqa
Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 30 yanvar kuni Jizzax viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
2026-2027 yillarda yalpi hududiy mahsulotning o‘sish sur’atlarini 8,5 foizga yetkazish, sanoatda ishlab chiqarish hajmini 8 foizga oshirish, 5 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilish va yillik eksport hajmini 500 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, joriy yilda viloyatda ishsizlik darajasini 4,6 foizga, kambag‘allikni 2,8 foizga tushirish, 182 ta mahallani jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish ko‘zda tutilgan.
Davlat rahbari bu maqsadlarga viloyatdagi mahallalarni chuqur ixtisoslashtirmasdan erishib bo‘lmasligini qayd etgan.
Shu munosabat bilan viloyatda kelgusi ikki yilda yangi model rivojlantiriladi. Hududdagi 304 ta mahallaning solishtirma ustunliklari tahlil qilinib, ularning bog‘dorchilik, chorvachilik, sabzavot va polizchilik, sanoat, servis hamda turizm yo‘nalishlariga ixtisoslashuvini chuqurlashtirish dasturi ishlab chiqilgan.
Dastur doirasida 5 ming gektar eski bog‘ va tokzorlarda sertifikatlangan ko‘chatlar ekish, 4,6 ming gektar sanoatlashgan plantatsiyalar barpo etish, 10 ming gektar aholi tomorqasi va ijara yer maydonlarida hosildorligi yuqori va eksportbop mahsulotlar yetishtirish, 101 ming bosh chorva mollarining naslini yangilash, 5 ta sanoat mikromarkazlari, 6 ta yirik turizm majmualarini tashkil etish, har bir tuman markazida istirohat bog‘larini barpo qilish va gavjum ko‘chalar tashkil etish kabi ishlar amalga oshiriladi.
Yig‘ilishda «drayver» loyihalar infratuzilmasini mustahkamlash uchun joriy yilda 200 milliard so‘m ajratilishi belgilandi. Sanoatni rivojlantirish maqsadida 2026-2027 yillarda umumiy qiymati 2,7 milliard dollarlik yirik investitsiya loyihalari amalga oshiriladi. Bunda viloyatdagi qo‘rg‘oshin-rux, volfram, oltin va boshqa noruda konlardan samarali foydalanish lozimligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Zomin tumanida qishloq xo‘jaligi ilmiy-sanoat parki loyihasining taqdimotida makkajo‘xorini qayta ishlab, yuqori fruktozali sirop va allyuloza ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish rejalashtirilgani aytilgan.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida naslli chorva mollarni xarid qilish, tuyachilikni rivojlantirish, “Jayilma” kanalini rekonstruksiya qilish choralari ko‘riladi.
Qolaversa, joriy yilda 25 ming gektar lalmi va yaylov yerlarini foydalanishga kiritish va yaylovlardan samarali foydalanish bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqish rejalashtirilgan.
Yig‘ilishda Jizzax viloyatining turizm salohiyati ham tahlil qilingan. Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi, shuningdek, Baxmal, Forish, Zafarobod, Sharof Rashidov va G‘allaorol tumanlarining imkoniyatlari to‘liq ishga solinmayotgani qayd etilgan.
Joriy yilda mahallalarda ijtimoiy ob’ektlar, yo‘llar, ichimlik suvi, kanalizatsiya va elektr tarmoqlari qurilishi uchun 30 million dollar, kelgusi yilda esa yana 10 million dollar mablag‘ ajratiladi. Buning hisobiga 14 mahalladagi ijtimoiy soha ob’ektlari, olis 28 ta mahallani bog‘lovchi 105 kilometr yo‘llar, 9 ta mahalla aholisi uchun 50 kilometr ichimlik suvi, elektr tarmoqlari, 13 ta mahallada 65 kilometr oqova suv tarmoqlari quriladi va ta’mirlanadi.
Shaharsozlik yo‘nalishida Baxmal, Zafarobod va G‘allaorol tumanlarini fazoviy rejalashtirish va bosh rejalarini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Jizzax shahri va Sharof Rashidov tumani yagona aglomeratsiya hududi sifatida rivojlantiriladi. Bu bo‘yicha ishlab chiqiladigan bosh rejada shahar ichidagi tirbandliklarni kamaytirish maqsadida 10 kilometrlik aylanma yo‘l qurish, shahar va tumanni bog‘laydigan yagona jamoat transport tizimini yo‘lga qo‘yish, yagona ma’muriy bino qurish orqali tashkilotlarni bir joyga ko‘chirish nazarda tutiladi.
Yig‘ilish yakunida mutasaddilarga viloyatni yanada rivojlantirish doirasidagi har bir loyihani aholi bandligi hamda turmush darajasini oshirish bilan bog‘lab bajarish bo‘yicha topshiriqlar berilgan.
Live
Barchasi