Jizzaxda institut bo‘limi boshlig‘i $100 ming pora olayotganda ushlandi

3-sahifa

image

Jizzax davlat pedagogika instituti ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i 100 ming dollar pora olayotgan paytda ushlandi. Pora institut fakultetlaridan birining dekanidan talab qilingan bo‘lgan. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati Matbuot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, Jizzax davlat pedagogika institutining ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i 2021 yilning oktyabr oyida mazkur oliy o‘quv yurti fakultetlaridan birining faoliyatini tekshirish jarayonida aniqlangan kamchiliklarni ushbu fakultet dekaniga salbiy ta’sir qilmasligi va uni lavozimida qolishini ta’minlash evaziga 100 ming AQSH dollari talab qilgan.

DXXning Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlarining Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirda u so‘ralgan pulni vositachi orqali olgan vaqtida ushlangan.

Shuningdek, Xorazm viloyatining Hazorasp tumanida yashovchi, 1980 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan ikki fuqaro Urganch shahridagi MCHJlardan birining rahbari yuk avtomashinalari xarid qilish uchun 10 mlrd so‘m miqdorida kredit olmoqchi ekanligidan xabar topib, unga bu borada tanishlari orqali yordam berishini aytgan va evaziga 45 ming dollar talab qilgan. Ular so‘ralgan puldan 15 ming AQSH dollarini avans sifatida olgan vaqtlarida ushlandi.

Xorazmda kuzatilgan yana bir holatda Xonqa tumani Davlat soliq inspeksiyasi xodimi ikkita MCHJ faoliyatlari bo‘yicha o‘tkazilgan kameral soliq tekshiruvi natijasiga ko‘ra, byudjetga qo‘shimcha hisoblangan 720 mln so‘mlik soliq to‘lovlarini tanish hamkasbi imkoniyatlari orqali kamaytirib berishni va’da qilib, evaziga ushbu MCHJlar rahbaridan 5 ming dollar olgan vaqtida ushlangan. 

DXXning Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining shahar boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kiritib qo‘yish bilan bog‘liq noqonuniy holat qayd etilgan. 

Xususan, Toshkent shahrida yashovchi fuqaro nomiga Qozog‘istonning Nursulton shahridagi Qozoq gumanitar yuridik universitetining 1-bosqichini tugatgani to‘g‘risida hujjat rasmiylashtirib, so‘ngra uni Toshkent davlat yuridik universitetining 2-kursida o‘qishga ko‘chirib berishni va’da qilgan 26 yoshli shaxs 8 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.

Shuningdek, qonunbuzar ushbu pul mablag‘ini Chilonzor tumanida joylashgan o‘quv markazi rahbari, 1994 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan jinoiy sherigiga berishi kerakligi ma’lum bo‘ldi va tezkor tadbir davom ettirilib, pulni olgan vaqtida u ham ushlangan. 

Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida yashovchi, 1973 yilda tug‘ilgan, muqaddam firibgarlik bilan bog‘liq jinoyat sodir etganligi uchun sudlangan fuqaro o‘zganing ishonchiga kirib, uni ichki ishlar idoralariga ishga kiritib qo‘yish evaziga 5 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.

Sirdaryo viloyatida kuzatilgan holatda esa Guliston tumanida yashovchi, 1994 yilda tug‘ilgan, muqaddam firibgarlik bilan sudlangan shaxs mahalliy fuqaroni DXX idoralariga ishga kirishida yordam berishini aytib, undan 2,5 mln so‘m olgan vaqtida ushlangan. 

Aniqlanishicha, mazkur shaxs jabrlanuvchidan uni ishga kiritish uchun turli bahonalarni ro‘kach qilib, muqaddam 3900 dollar va 70 mln so‘m olgan.

Habarga ko‘ra, hozirda mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

korruptsiya

Baholaganlar

380

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing