Ukrainada Bosh prokuror ofisidan dollar to‘la seyf topildi
Olam
−
15:51 1180 2 daqiqa
Ukraina Ixtisoslashtirilgan korrupsiyaga qarshi prokuraturasi Bosh prokuratura idorasida firibgarlik bilan bog‘liq qo‘ng‘iroq markazlariga homiylik qilish bo‘yicha tergov davomida topilgan naqd pul solingan seyfning fotosuratini e’lon qildi. Tegishli surat kecha, 5 sentyabr kuni idoraning Telegram-kanaliga joylangan.
Tasvirda balandligi taxminan bir metr bo‘lgan, bir nechta tokchalar va pastki qismida tortma bilan jihozlangan metall seyf ko‘rinadi. Ichkarida eski va yangi nusxadagi yuz dollarlik banknotalar qator qilib joylashtirilgan. Tasvirga qarab xulosa qilinsa, seyf naqd pul bilan taxminan yarmigacha to‘ldirilgan.
Ukraina Milliy korrupsiyaga qarshi byurosi Ixtisoslashtirilgan korrupsiyaga qarshi prokuratura bilan hamkorlikda bir kun avval Bosh prokuror ofisining kiberdepartamenti boshlig‘i Sergey Krapivani qo‘lga olgan. Bu holat firibgarlik koll-markazlari tarmog‘iga homiylik qilish va mulkni qonuniylashtirishga aloqador jinoiy tashkilotni fosh etish bo‘yicha maxsus operatsiya doirasida yuz berganiga aniqlik kiritilgan.
Ukrainaning “Zerkalo nedeli” nashri 5 sentyabr kuni Ukraina hududida 2 mingga yaqin firibgarlik koll-markazlari faoliyat yuritayotganini aniqlagan. Bunda ularning taxminan yarmi tekshiruvlar va tintuvlardan himoya qilishni ta’minlab beradigan huquq-tirtibot idoralari vakillariga har oyda pul o‘tkazib turadi. Bunday to‘lovlarning umumiy summasi oyiga 24 million dollardan oshadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukrainada Milliy korrupsiyaga qarshi byuro va Ixtisoslashtirilgan korrupsiyaga qarshi prokuratura yuqori lavozimdagi amaldorlarga nisbatan tergovni davom ettirayotgani haqida xabar berilgan edi.