Korrupsiya mojarosi: Ukraina Bosh prokurori va Prezidenti ofisida tintuv o‘tkazildi
Olam
−
09:15 1873 2 daqiqa
Ukrainada Milliy korrupsiyaga qarshi byuro (NABU) va Ixtisoslashtirilgan korrupsiyaga qarshi prokuratura (SAP) yuqori lavozimdagi amaldorlarga nisbatan tergovni davom ettirmoqda. Bu haqda mamlakat OAVlari xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, tergov doirasida Ukraina Bosh prokurori Ruslan Kravchenko, uning o‘rinbosari Mariya Vdovichenko va Odessa viloyati ma’muriyati rahbari Oleg Kiperning uyi va ish joylarida tintuvlar o‘tkazilgan.
Mahalliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, NABU va SAP Ukraina Bosh prokuraturasidagi mansabdor shaxs boshchiligidagi jinoiy tashkilot faoliyatini fosh etishga qaratilgan maxsus operatsiya o‘tkazmoqda. Tergovchilar ushbu shaxs firibgarlik koll-markazlari tarmog‘ini himoya qilish va noqonuniy yo‘l bilan olingan mol-mulkni legallashtirish sxemalariga aloqador bo‘lgan, deb hisoblamoqda.
Avvalroq OAV Bosh prokuraturaning xalqaro-huquqiy hamkorlik departamenti boshlig‘i o‘rinbosari Sergey Kropivaning qo‘lga olingani haqida xabar bergan edi. Oliy Rada deputati Aleksey Goncharenko esa o‘zining Telegram-kanalida NABU xodimlari Ukraina Prezidenti ofisida ham tergov harakatlarini o‘tkazayotganini yozgan.
Hozircha tintuvlar yuzasidan Ukraina rasmiylari tomonidan rasmiy ma’lumot berilmagan.
Eslatib o‘tamiz, NABU avvalroq yuqori lavozimdagi amaldorlar tomonidan tashkil etilgan korrupsiya sxemalarini tergov qilayotganini ma’lum qilgan edi. Ular orasida “Energoatom” davlat konserniga oid sxemalar ham bo‘lgan.
Tergov versiyasiga ko‘ra, mazkur sxemalarni Timur Mindich tashkil etgan. U shartnomalar uchun “otkat” talab qilish va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan yaqin munosabatlaridan foydalanishda gumon qilinmoqda.
O‘tgan yilning 28 noyabrida Zelenskiy Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermakni lavozimidan ozod qilish haqida farmon imzolagan.
Keyinchalik NABU Timur Mindichning xonadonida yozib olingan suhbatlarni ham e’lon qildi. Ularda korrupsiya sxemalari muhokama qilingani aytilgan.
NABU ma’lumotlariga ko‘ra, Mindich boshchiligidagi jinoiy guruh faoliyatiga amaldagi va sobiq to‘rt nafar vazir aloqador bo‘lgan. Ukraina OAVlari ulardan biri sobiq Energetika vaziri German Galuenko ekanini xabar qilgan.
NABU va SAP avvalroq Kiyevda o‘tkazilgan “Forrest Gamp” va “Femida” nomli keng ko‘lamli maxsus operatsiyalar natijalarini ham e’lon qilgan edi. Mazkur operatsiyalar doirasida yuqori lavozimdagi amaldorlar ishtirokidagi ehtimoliy korrupsiya sxemalari tekshirilgan.
Live
Barchasi