Jizzaxda firibgar fuqaroning 381,5 mln pulini “uxlatdi”
Jamiyat
−
24 aprel 2021
5236Jizzax viloyatida fuqaroning 98 mln so‘m va 27 000 AQSH (taxminan 283,5 mln so‘m) dollarini qo‘lga kiritgan firibgarlar aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti xabar berdi.
Departamentning Jizzax viloyati boshqarmasi tomonidan tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Natijada fuqaro Sh.Q. va boshqalar fuqaro J.ning ishonchiga kirib, uning 98 mln so‘m va 27 000 AQSH dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani aniqlangan.
Sh.Q. va boshqalar buning evaziga unga yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali Angren shahrida qurilish ishlarini bajarish uchun tegishli hujjatlarni olib berish hamda beton qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish uchun bank muassasasidan 1 mln yevro kredit mablag‘i chiqarib berishni va’da qilgan.
Mazkur holat yuzasidan Sh.Q. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
LiveBarchasi