Jizzaxda aliment to‘lamagan ota majburiy mehnatga jo‘natildi
3-sahifa
−
01 Oktabr
4630Jizzax shahrida 9 million so‘mdan oshiq alimentni to‘lamagan erkakka majburiy mehnatga jalb etish jazosi tayinlandi. Bu haqda Majburiy ijro byurosi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Jizzax tumanlararo sudining 2023 yil 10 maydagi ijro hujjatiga asosan, qarzdor M.A hisobidan undiruvchi E.L foydasiga bir nafar voyaga yetmagan farzandi ta’minoti uchun aliment undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati bo‘lim ish yurituviga kelib tushgan. Ijro harakatlari davomida qarzdor M.A. o‘z vaqtida aliment qarzdorligini to‘lamaganligi oqibatida jami 9 million 41 ming 926 so‘m aliment qarzdorligi vujudga kelgan.
Qarzdorga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi 4-bandiga (Voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash) asosan ma’muriy ish qo‘zg‘atilib, ko‘rib chiqish uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax shahar sudiga yuborilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax shahar sudining joriy yil 23 sentyabrdagi qaroriga asosan, qarzdor M.A ushbu moddada ko‘rsatilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 120 soat majburiy mehnatga jalb etish jazosi tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘onada 10 yil davomida farzandiga aliment to‘lashdan qochib yurgan ota qo‘lga tushgandi. Ota aliment to‘lovlaridan bo‘yin tovlab qochib yurganligi sababli unga nisbatan 2022 yilning yanvar oyida qidiruv e’lon qilingan. Olib borilgan tezkor qidiruv ishlariga ko‘ra, qarzdor ota 2014 yil fevral oyida Rossiya davlatiga chiqib ketgani aniqlangan.
Toshkent shahrida esa ota aliment uchun 16 yillik alimentni oldindan to‘lab bergandi. 2024 yildan 2040 yilgacha bo‘lgan davr uchun aliment miqdori hisoblanganda, jami 818 million 895 ming 193 so‘m miqdorida aliment miqdori vujudga kelgan. Qarzdor undiruvchi foydasiga jami 818 million 895 ming 193 so‘m evaziga 1 ta uy, Spark avtotransport vositasi va 2 ming AQSH dollari miqdorida aliment pullarini to‘lab bergan.