Jizzaxda 3 yashar qizning o‘limida aybdor deb topilgan bog‘cha opalarga sud hukmi o‘qildi

3-sahifa

image

Jizzax viloyati Do‘stlik tumanida e’tiborsizligi tufayli 3 yoshli bolaning o‘limiga sababchi bo‘lgan oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti xodimlariga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning 15 fevral kuni 3 yoshli qizaloq oilaviy nodavlat MTTga 18 nafar bog‘chaga qatnovchi bolalar ro‘yxatiga kiritilmagan holda qabul qilingan. MTTning 3 nafar tarbiyalanuvchisi tarbiyachi e’tiboridan chetda qolib, o‘zlari bilmagan holda bog‘chani tark etgan va ulardan biri, 3 yoshli qizaloq ko‘lmakka tushib ketishi oqibatida vafot etgan. 

Ushbu holat yuzasidan Do‘stlik tuman sudida tarbiyalanuvchini nazoratsiz qoldirgan oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti  xodimlariga nisbatan sud hukmi o‘qildi.

Sudlanuvchi M.F. (ayol) Jinoyat kodeksining 116-moddasi (Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) 3-qismi va 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 2-qismi "g" bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi. U Jinoyat kodeksining 59 va 61-moddalari tartibida 3 yil muddatga maktabgacha va maktab ta’limi sohasida har qanday mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilinib, 4 yil 1 oy muddatga ozodlikdan cheklandi. 

Sudlanuvchi T.D. (ayol) ham Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi bilan aybdor deb topildi va unga 3 yil muddatga maktabgacha va maktab ta’limi sohasida har qanday mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilinib, 4 yil muddatga ozodlikdan cheklash jazosi tayinlandi.  

Shuningdek, sudlanuvchi U.A. (erkak) Jinoyat kodeksining 205-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 1-qismi va 209-moddasi (Mansab soxtakorligi) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga 1 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilinib, 1 yil 6 oy muddatga ozodlikdan cheklash jazosi tayinlandi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Samarqandda 13 yashar bola oyog‘idan kishanlangan holda Damas rusumli avtomashina ichidan topilgani xabar qilingandi. Sud hukmi bilan bolani zanjirband qilgan shaxs 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. U jazoni manzil-koloniyada o‘tashi belgilangandi.

Zumrad Zaripova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Jizzax bog'cha opa

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made