Jizzaxda 292 marta qoida buzgan haydovchi ushlandi
3-sahifa
−
13 iyul 2023
8462Jizzaxda huquq-tartibot idoralari xodimlariga jarima to‘lamaslik maqsadida o‘zganing avtomobil raqamidan foydalangan va 292 ta qoidabuzarlik sodir etgan shaxs ushlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 10 iyul kuni xalqaro avtomagistralning Jizzax viloyati G‘allaorol tumanidan o‘tuvchi qismida sirena va miltillovchi chiroqlar o‘rnatilgan holda harakatlanayotgan Malibu 2 rusumli avtomobil to‘xtatilgan.
Haydovchining hujjatlari tekshirilganda avtomobildagi raqam ro‘yxatdan o‘tish guvohnomasidagi raqamga mos kelmasligi, mashina bagajida yana boshqa davlat raqami borligi aniqlangan. Avtomobil jarima maydonchasiga yuborilib, haydovchiga nisbatan bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Bundan tashqari, avtomobil raqami 2022 yil 4 avgust kuni Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi ustaxonalardan birida Nexia 1 rusumli mashinadan o‘g‘irlangani va shu vaqtgacha Toyota Prado, Malibu 2, Tracker va Nexia 3 rusumli jami beshta avtomobilga o‘rnatilib, ularda 292 marta qoidabuzarlik sodir etilgani ma’lum bo‘lgan.
Holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryoda bir yilda 15 marta qoida buzgan haydovchi 17 yashar o‘smirning o‘limiga sababchi bo‘lgandi. Andijonda esa ikki oy ichida 26 marta qoidabuzarlik sodir etgan haydovchi 28 million so‘m miqdorida jarimaga tortilgan. Shuningdek, Toshkentda 10 oyda yo‘l harakati qoidasini 36 marta buzgan kishiga nisbatan 35 million so‘m jarima solingan.
LiveBarchasi