Jizzax va Samarqandda prokurorlar pora bilan ushlandi
3-sahifa
−
21 Sentabr 2021
29815Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan qator tadbirlarda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning korrupsioner xizmatchilari qo‘lga olindi.
Xususan, Jizzax viloyatida tuman prokurori xizmat xonasida 800 AQSH dollari pora bilan ushlandi. Prokuror ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari bilan shug‘ullanuvchi DUKning mansabdor shaxslari va boshqalariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida qurilish firmasi rahbariga qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llamaslik va mazkur firmada aniqlangan kamomad miqdorini kamaytirib ko‘rsatish uchun undan 2000 dollar so‘ragan. Pullarning qolgan 1200 dollarini muqaddam olgan.
Samarqand viloyatida esa tuman prokurori o‘rinbosari moddiy manfaatdorlikni ko‘zlab mahalliy fermer xo‘jaligi rahbariga nisbatan sud tomonidan tayinlangan 3 yil ozodlikni cheklash jazosini boshqa og‘irroq jazo turiga o‘zgartirish uchun protest kiritib, sudning apellyatsiya bosqichida hukmni o‘z kuchida qoldirish evaziga 10 ming dollar talab qiladi. O‘tkazilgan tezkor tadbirda prokuror o‘rinbosarining topshirig‘i bilan uning vositachisi so‘ralgan pulni olgan vaqtida ushlangan. Prokuror o‘rinbosarining aloqadorligi vositachisi bergan ko‘rsatma asosida o‘tkazilgan tadbirda ashyoviy dalillar bilan isbotlandi.
Namangan viloyatida tuman MIB rahbari mahalliy fuqaroni Qirg‘izistondagi Jalolobod davlat universitetidagi o‘qishini Andijon davlat tibbiyot institutiga ko‘chirishda oliy ta’lim vazirligidagi tanishlari orqali yordam berishini aytib, buning uchun 700 dollar so‘raydi va 300 dollar hamda 1 mln 50 ming so‘mni oladi. U qolgan 200 AQSH dollari va 1 mln 50 ming so‘m olgan vaqtida ushlangan.
Buxoro viloyatidagi “Qorako‘l” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postining katta inspektori xorijiy tadbirkorning Turkmaniston hududidan keladigan yuk vagonlarini bojxona to‘lovlarini kam to‘laydigan qilib ko‘rsatib, kunlik omborxona to‘lovlari to‘lanmaydigan shaklda deklaratsiya rasmiylashtirib berish evaziga undan 800 AQSH dollari talab qilgan. Bojxonachi so‘ralgan puldan 400 dollar olgan vaqtda ushlangan.
Mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoiy ishlar ochilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
LiveBarchasi