“Jirkanch zarba”. Rossiyaning Ukrainaga qilgan hujumida 28 kishi halok bo‘ldi
Olam
−
10:16 2573 2 daqiqa
Ukrainada Rossiyaning ommaviy raketa va dron hujumlari oqibatida kamida 28 kishi halok bo‘ldi, yana 100 ga yaqin odam jarohatlandi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy hujumni Rossiyaning “eng jirkanch zarbalaridan biri” deb atadi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Hujum kecha, 7 oktyabrga o‘tar kechasi amalga oshirilgan. Rossiya Ukraina hududiga 70 ta raketa, jumladan, yuqori tezlikda uchuvchi ballistik raketalar va o‘nlab “Shahed” dronlarini uchirgan. Zarba oqibatida sanoat korxonalari va energetika infratuzilmasiga ham zarar yetgan.
Eng katta talafot Chernigov viloyatining Priluki shahrida qayd etilgan. U yerda Rossiya raketasi besh qavatli turarjoy binosini vayron qilgan. Viloyat gubernatori Vyacheslav Chausning ma’lum qilishicha, hujum oqibatida 20 kishi, jumladan, 5 nafar bola halok bo‘lgan. Shaharda yana 55 kishi jarohatlangan.
Qutqaruvchilar vayronalar ostidan odamlarni qidirish ishlarini olib borgan. Ekskavator va belkuraklar yordamida binoning qulagan qismlari tozalangan. Favqulodda vaziyatlar xodimlari saqlanib qolgan qavatlarga narvonlar orqali chiqib, vayronalar orasidan 15 nafar tirik qolgan odamni olib chiqqan.
“Vayronalik juda katta, ayniqsa shahar markazida”, degan Priluki meri o‘rinbosari Danilo Savenko.
Kiyevda ham qurbonlar bor. Shahar chekkasida Rossiya droni qoldiqlari qulashi oqibatida 2 kishi halok bo‘lgan. Zelenskiy avvalroq Kiyev, shuningdek, markaziy hududlardagi Aleksandriya va Kremyonchuk shaharlarida ham tinch aholi vakillari halok bo‘lganini ma’lum qilgan.
“Rossiyaliklar og‘riqli va namoyishkorona zarba berishni istadi. Bu eng jirkanch zarbalardan biri bo‘ldi”, degan Zelenskiy.
U videomurojaatida hujum Vladimir Putinning tug‘ilgan kuniga to‘g‘ri kelganini ham ta’kidlagan.
“Putin o‘ziga shunday tug‘ilgan kun sovg‘asini berdi: bolalarni o‘ldirish, odamlarni o‘ldirish”, degan u.
Ukraina Harbiy-havo kuchlari esa Rossiya uchirgan 46 ta reaktiv dvigatelli dronning 80 foizdan ko‘prog‘ini urib tushirganini bildirgan.
Shuningdek, Zelenskiy Rossiyaning ballistik raketalari Ukraina uchun hanuz eng katta muammo bo‘lib qolayotganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina AQSHda ishlab chiqarilgan “Patriot” havo mudofaa tizimlarini olish uchun har kuni muzokara olib bormoqda. Mazkur tizim Ukrainada yuqori tezlikda uchuvchi ballistik raketalarni urib tushira oladigan yagona qurol tizimi hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya qo‘shinlari Xarkov shahrining Industrialniy tumaniga “Banderol” raketalari bilan 2 marta zarba bergandi. Hujum oqibatida 1 kishi halok bo‘lgan, 6 kishi yaralangan.
Live
Barchasi