Jirinovskiyning o‘limi rad etildi
Olam
−
25 mart 2022
16694Biroz avval Rossiya Liberal-demokratik partiyasi raisi Vladimir Jirinovskiy vafot etgani haqida xabar bergan edik.
Rossiya Davlat Dumasi raisi Vyacheslav Volodinning ma’lum qilishicha, Jirinovskiy tirik, ammo og‘ir ahvolda.
Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, Jirinovskiyning ahvoli barqaror. Shifokorlar unga barcha kerakli tibbiy muolajani ko‘rsatishda davom etyapti.
O‘z navbatida Jirinovskiyning o‘limini tasdiqlagan senator Aleksandr Pronyushkin o‘z Telegram-kanalidan xabarni o‘chirib tashlagan. U noto‘g‘ri axborot uchun uzr so‘ragan.
Eslatib o‘tamiz, Vladimir Jirinovskiy joriy yilning 2 fevral kuni koronavirusning “omicron” shtammi bilan kasallangandi. Oradan biroz o‘tib, uning sun’iy nafas olish apparatiga ulangani va tibbiy koma holatiga tushirilgani aytildi.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, siyosatchi o‘pkasining 70 foizi zarar ko‘rgan, biroq keyinchalik uning ahvoli yaxshilangan.
Qayd etish kerakki, oxirgi marta Jirinovskiyning ahvoli yaxshilangani, u ko‘rsatmalar berishni boshlagani aytilgandi.
Vladimir Jirinovskiy sobiq sovet davlatlariga aloqador turli xil tuturiqsiz provokatsion fikrlar bildirishi bilan odamlarga yaxshi tanish. Ko‘plab ekspertlar uni “Kremlning og‘zi” deb hisoblaydi.
So‘nggi bor u Qozog‘istonda yanvar oyida yuz bergan tartibsizliklar SSSR tarkibida bo‘lgan barcha respublikalarda sodir bo‘lishini aytgandi.