Jinoyatchi amaldorlar 4 yilda davlat va jamiyatga 3,5 trln so‘m zarar yetkazgan
Jamiyat
−
06 dekabr 2021
6883Statistika bo‘yicha O‘zbekistonda mansabdor shaxslarning jinoyatlari oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 2018 yilda 556 mlrd, 2019 yilda 1,858 trln, 2020 yilda 500,1 mlrd, 2021 yilning 9 oyida 658 mlrd (jami 3 trln 572,1 mlrd) so‘m moddiy zarar yetkazilgan. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Zuhra Shodiyeva ma’lum qildi.
Deputat Oliy Majlis Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bilan mansabdor shaxslarga nisbatan choralar kuchaytirilayotganini ta’kidlagan.
Xususan, “Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish”, “Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish”, “Hokimiyat harakatsizligi”, “Mansab soxtakorligi” va “Hokimiyatni suiiste’mol qilish, hokimiyat vakolatidan tashqariga chiqish yoki hokimiyat harakatsizligi” jinoyatlar agar “g‘arazgo‘ylik” niyatida sodir etilsa, korrupsiyaviy jinoyat hisoblanishi belgilanib, mazkur harakatlar uchun og‘irroq jazolar belgilanyapti.
Zuhra Shodiyeva korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun aybdor shaxsga nisbatan jazo choralarini yanada kuchaytirish maqsadida, jinoyatlar mansab mavqeini suiiste’mol qilish yoki xizmat mavqeidan foydalanib sodir etilgan jinoyatlar uchun 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanayotganini urg‘ulagan.
Shuningdek, o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, firibgarlik, soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash uchun hukm qilingan, biroq jinoyat oqibatida yetkazilgan zararni to‘liq qoplamagan shaxslarga hamda poraxo‘rlik bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish va jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish tatbiq qilinmasligi nazarda tutilmoqda.
Avvalroq mazkur qonun loyihasi bilan Jinoyat kodeksining sakkizinchi bo‘limi “korrupsiyaga oid jinoyatlar” degan yangi atama bilan to‘ldirilib, 15 turdagi jinoyat tarkiblari korrupsiyaga oid jinoyatlarga kiritilayotgani haqida xabar bergan edik.
LiveBarchasi