“Jim bo‘l, cho‘chqa!”. Tramp jurnalistni haqoratladi (video)

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp jurnalistning voyaga yetmaganlarni fohishalikka majbur qilganlikda ayblangan moliyachi Jeffri Epshteyn ishi bo‘yicha qolgan hujjatlarni nima uchun e’lon qilmayotgani haqidagi savoliga javoban “jim bo‘l, cho‘chqa” deb javob berdi. Bu haqdagi savol kecha, 18 noyabr kuni Air Force One bortida berilgan.

Hodisa AQSH Prezidentining Floridaga yo‘l olayotgan samolyoti bortida sodir bo‘lgan. “Bloomberg” muxbiri Trampdan nima uchun Epshteynning qolgan fayllarini e’lon qilishni istamayotgani haqidagi pozitsiyasini so‘ragan. Bunga javoban Amerika rahbari jurnalistga jim turishni buyurgan va uni “jim bo‘l, cho‘chqa” so‘zlari bilan haqorat qilgan.

Shu bilan birga, Tramp Air Force One bortida jurnalistlar bilan suhbatlasharkan, yana bir bor Epshteyn ishi doirasida sobiq prezident Bill Klinton, AQSHning sobiq moliya vaziri Larri Sammers va marhum moliyachi bilan vaqt o‘tkazgan boshqa shaxslar tilga olinganini aytgan.

“The Telegraph” xabariga ko‘ra, Trampning bu so‘zlari turli tashkilotlar tomonidan tanqidga uchragan.
 
“AQSH Prezidenti shunday qiladi. U matbuot va o‘zi boshqarishi kerak bo‘lgan kattalar bilan shunday muloqot qiladi. Amerika bundan yaxshisiga loyiq!” deb bayonot bergan chap qanotga mansub Occupy Democrats tashkiloti.

Yana bir siyosiy guruh Really American sodir bo‘lgan voqeani “jirkanch lahza” deb atab, Trampni “hurmatsiz va layoqatsiz inson” deb ta’riflagan.

Ma’lumot uchun, Jeffri Epshteyn 2019 yilning 6 iyulida Nyu-York shtati huquq-tartibot idoralari tomonidan hibsga olingan. Prokuraturaning ta’kidlashicha, u 2002-2005 yillarda o‘zining Manxettendagi uyiga o‘nlab voyaga etmagan, eng kichigi 14 yoshda bo‘lgan qizlarni olib borgani haqida dalillar bor. Epshteynning do‘stlari va tanishlari orasida nafaqat AQSHda, balki boshqa ko‘plab mamlakatlarda amaldagi va nafaqadagi amaldorlar (shu jumladan, sobiq davlat rahbarlari), yirik tadbirkorlar va shou-biznes yulduzlari bor edi. 2019 yil 10 avgustda qamoqxona kamerasida o‘z joniga qasd qilgandan so‘ng, AQSHda moliyachiga nisbatan jinoiy ta’qiblar tugatildi. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jeffri Epshteyn 2018 yil iyun oyida Yevropa Kengashi raisi Turbyorn Yaglandga yozgan xatida Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashuv tashkil etishni so‘ragani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp Jeffri Epshteyn

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing