Jiddiy ogohlantirish: dunyo bo‘ylab vabo avj olmoqda
Salomatlik
−
06 Oktabr 2023
18710Joriy yilning o‘tgan 9 oyida dunyo bo‘yicha vabo bilan kasallanganlar soni 582 mingdan oshdi, 4,5 mingdan ortiq kishi vafot etdi. Bu haqda kecha, 5 oktyabr kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tomonidan e’lon qilingan hisobotda ma’lum qilindi.
Hisobotda joriy yilning yanvar oyidan beri vabo 29 ta davlatda keng tarqalayotgani qayd etilgan. Mutaxassislar dunyoda mazkur kasallikning keyingi tarqalish xavfini juda yuqori, deb baholamoqda.
“2023 yilda vabo bilan kasallanganlar soni o‘tgan yilning mos davridagi ko‘rsatkichlardan oshib ketdi, 15 sentyabrdagi ma’lumotlarga ko‘ra, kasallikning 582 219 ta yuqish holati va 4 543 ta o‘lim qayd etilgan”, deyiladi JSST hisobotida.
Tashkilot dunyo miqyosida inson hayotiga xavf soladigan epidemiyalar tobora ko‘payib borayotgani va ularning geografik tarqalishi, vaksina va boshqa resurslarning yetishmasligini hisobga olgan holda ushbu global darajadagi xavfni juda yuqori, deb baholamoqda.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, kasallik, ayniqsa, Afrika mamlakatlariga katta ta’sir ko‘rsatmoqda. Yil boshidan buyon qit’aning 16 davlatida vabo qayd etilgan. Uning avj olishi asosan Burundi, Kongo, Zimbabve, Kamerun, Malavi, Mozambik, Efiopiya va boshqa davlatlar hududiga to‘g‘ri keladi.
Vaboda shubha qilingan bemorlar soni bo‘yicha Afg‘oniston eng yuqori o‘rinda turibdi (159 ming nafarga yaqin). Shuningdek, kasallik Suriya (120 mingga yaqin), Gaiti (62 mingdan ortiq), Malavi (58 mingdan ortiq), Kongo (36 mingga yaqin) va Efiopiya (23 mingdan ortiq) kabi mamlakatlarda ham keng tarqalmoqda.
Ma’lumot uchun, vabo Vibrion virusi qo‘zg‘atadigan o‘ta xavfli yuqumli kasalliklardan biri hisoblanadi. Patogen organizmga ifloslangan oziq-ovqat yoki suv orqali kirganda paydo bo‘ladi va rivojlanadi. 2022 yilda dunyo bo‘ylab vabo bilan kasallanganlar soni 472 697, 2021 yilda esa 223 370 nafarni tashkil etgan.