Jeyn Ostin tashrif buyurgan ball zali ostidan qadimiy xazina topildi

Bu qiziq

−

image

Assembly Rooms binosi ostidagi qazishmalar davomida taxminan 2000 yillik Rim tangalari, sopol buyumlar va dubulg‘a parchasi aniqlandi. Bu haqda “Smithsonian magazine” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Britaniyaning Bat shahridagi tarixiy Assembly Rooms binosini keng ko‘lamli restavratsiya qilish jarayonida “Wessex Archaeology” kompaniyasi arxeologlari muhim tarixiy kashfiyotlarni amalga oshirgan. O‘z vaqtida yozuvchi Jeyn Ostin muntazam tashrif buyurgan XVIII asrga oid ball zali pollari ostidan tadqiqotchilar qadimgi zovurlar tarmog‘ini va Rim Britaniyasi davriga oid o‘nlab ashyolarni, jumladan, tangalar, sopol buyumlar, shisha idishlar, tomga yopiladigan plitkalar va harbiy dubulg‘a parchasini topgan.

Assembly Rooms binosi 1771 yilda Akva Sulis aholi punktining markazi bo‘lgan mashhur Rim termalari va ma’buda Sulis Minerva ibodatxonasi yaqinida ochilgan. Ostin ushbu ball zalini o‘zining “Aql-idroksizlik” va “Nortenger ibodatxonasi” romanlarida abadiylashtirgan, keyinchalik bu yerda Charlz Dikkens ham bo‘lgan. Joriy ishlar boshlanguniga qadar majmua tuproqning chuqur madaniy qatlamlariga kirishni to‘sib turgan. “National Trust” kuratori Tatyana LeBoffning aytishicha, topilmalar bu yerda deyarli 2000 yil oldin yashagan va mehnat qilgan odamlar hayotining tafsilotlarini oshkor etadi.

Arxeolog Marek Levkunning tushuntirishicha, bino ostidagi hudud, katta ehtimol bilan, hunarmandchilik do‘konlari va novvoyxonalar joylashgan qadimgi shahar bo‘lgan. Dubulg‘a parchasi, shuningdek, shahar va yo‘llar qurilishida harbiylarning ishtirok etganidan dalolat beradi. Majmua Ikkinchi jahon urushi yetkazgan zararlardan keyin qayta tiklash hamda Georg davriga oid qandillarni saqlab qolish uchun 2025 yildan beri 25 million dollardan ortiq qiymatga ega restavratsiyaga yopilgan. Yangilangan binoning tashrif buyuruvchilar uchun ochilishi 2027 yilga rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buyuk Britaniyaning Norfolk grafligi sohillari yaqinida g‘avvoslar XIV asrda dengiz ostida qolgan Shipden o‘rta asr shaharchasiga tegishli bo‘lishi mumkin bo‘lgan 25 ta inshoot qoldig‘ini aniqlagan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing