Rimda hashamatli qadimiy villa topildi

Olam

image

Italiya poytaxti Rim shahri chekkasida joylashgan Kastel-di-Gvido hududida Rim imperiyasi davriga oid hashamatli villa topildi. Bu haqda CNN xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning fevral oyida mahalliy aholi hududda shubhali faoliyat kuzatilgani haqida rasmiylarga xabar bergan. Tekshiruv davomida karabinerlar harbiy politsiyasi qadimiy arxeologik joylarda uchraydigan noqonuniy qazish belgilari – tunda olib borilgan ishlar, tuproq uyumlari va ruxsatsiz faoliyat izlarini aniqlagan.

Ma’lum bo‘lishicha, bir guruh shaxslar ekskvator yordamida panjara to‘siqlarini kesib o‘tib, yer ostida yashiringan katta inshootga kirgan. Qisqa vaqt ichida qazish ishlari to‘xtatilgan bo‘lsa-da, bu jarayon davomida ilgari noma’lum bo‘lgan Rim davri villasining qoldiqlari ochilgan.

Arxeologlar hozirgacha atrium va suv yig‘iladigan hovuz bilan jihozlangan katta zalni, shuningdek qora va oq rangdagi murakkab geometrik hamda o‘simliksimon naqshli mozaika pollarni aniqlagan.

Italiya Madaniyat vazirligi vakillarining bildirishicha, ushbu hudud qadimda imperatorlar tez-tez tashrif buyuradigan Lorium manziliga kirgan bo‘lib, villa Rim aristokratiyasining yuqori tabaqasiga tegishli bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Mutaxassislar topilmalar orasida marmar bezaklar va Rim tabiat xudosi Silvanga tegishli haykal qoldiqlarini topganini ham qayd etgan.

Rasmiylar qazish ishlari natijasida inshootga qisman zarar yetganini, biroq qimmatli artefaktlar yo‘qolgan yoki yo‘qligi hali aniq emasligini bildirgan. Hozirda arxeologik qazish ishlari davom etmoqda. Tashrif buyuruvchilar esa ushbu tarixiy hududni oldindan ro‘yxatdan o‘tgan holda ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Misrda arxeologlar noyob va qadimiy, doira shaklidagi ibodatxonani topgan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu inshoot taxminan 2200 yil avval muqaddas suv rituallari (marosimlari) uchun ishlatilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rim qadimiy hashamatli villa

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing