Samarqandda bronza davriga oid qadimiy manzilgoh aniqlandi

Jamiyat

−

image

Nurota toğ tizmasining Samarqand viloyati Qöşrabot tumaniga töğri keluvçi hududida olib borilgan arxeologik qidiruvlar davomida mezolit va neolit davrlariga oid qoyatoş suratlari hamda bronza davriga mansub manzilgoh aniqlandi. Bu haqda Yahyo Ğulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti xabar berdi.

Institutning 2026 yilgi dala tadqiqotlari rejasiga muvofiq, oktyabr oyida Qöşrabot tumanining toğ va toğoldi hududlarida arxeologik qidiruv işlari olib borilgan. “Oqçobsoy” mahalla fuqarolar yiğiniga qaraşli Egrijarsoy, Xöjasoy (Badimin), Galajinsoy va Sumbulsoy hududlaridagi toş ayvonlar devorlari va şiftlarida qoyatoş suratlari topilgan. Ma’lumotlarga köra, tabiiy oxra böyoği bilan çizilgan suratlar mezolit (miloddan avvalgi XII–VII ming yilliklar) va neolit (miloddan avvalgi VI–III ming yilliklar) davrlariga mansub.

Şuningdek, “Panğat” mahalla fuqarolar yiğini hududidagi arxeologik qidiruvlar davomida uçta nuqtadan bronza davriga – miloddan avvalgi III ming yillikdan I ming yillik boşlarigaça bölgan davrga oid sopol parçalari topilib, örganilgan.

Qumoloqli qişloğidan 700-800 metr şarqda joylaşgan birinçi nuqtada 2×1 metr ölçamda şurf qazilgan. Natijada qalinligi 60 santimetr bölgan madaniy qatlamga ega bronza davri manzilgohi aniqlangan. Qazişma jarayonida köplab sopol parçalari va suyak qoldiqlari qayd etilgan. Institut ta’kidlaşiça, uşbu manzilgohda topilgan arxeologik materiallar keng kölamli qazişma tadqiqotlarini olib boriş zarurligini körsatadi.

Topilmalarni özaro qiyosiy tahlil qiliş Nurota toğ tizmasi hududlarining qadimgi aholi tomonidan özlaştirilişi bosqiçlarini, şuningdek, bu yerda yaşagan aholining boşqa hududlardagi qabila va elatlar bilan madaniy aloqalari rivojlanişini örganişga yordam beradi.

Institut ma’lumotiga köra, tadqiqot natijalari uşbu jarayonlar haqida yangi ilmiy xulosalar çiqarişga asos bölmoqda.

Eslatib ötamiz, avvalroq Surxondaryo viloyatining Şerobod tumanida joylaşgan Jarqöton yodgorligida arxeologik qazişmalar davomida qadimiy turarjoy qoldiqlari, otaşgoh va törtta butun sopol idiş aniqlangandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing