“Jeyms Uebb” teleskopi mashhur yulduz tizimida gigant sayyorani kashf etdi

Bu qiziq

image

Astronomlar “Jeyms Uebb” koinot teleskopi yordamida “Beta Pictoris d” ekzosayyorasini aniqladi. Ob’ekt Yerdan 63 yorug‘lik yili uzoqligida joylashgan yosh yulduzning yorug‘ chang diski ichida yashiringan. Bu haqda “ScienceDaily” xabar berdi.

Qayd etilishicha, San-Diyegodagi Kaliforniya universiteti olimlar guruhining Eydan Gibbs rahbarligidagi tadqiqot natijalari e’lon qilingan. Kashfiyot oldindan ma’lum bo‘lgan “Beta Pictoris d” sayyorasi atmosferasini tadqiq qilish chog‘ida NIRSpec spektrografi yordamida amalga oshirilgan. 

To‘g‘ridan to‘g‘ri suratlar o‘rniga tadqiqotchilar atmosferaning kimyoviy spektrini, ya’ni is gazi, suv bug‘i va metan signallarini qayd etgan. Bu ob’ektning ekzosayyora ekanini tasdiqlaydi va uning orqa fondagi yulduz yoki jigarrang mitti yulduz ekani haqidagi taxminlarni istisno qilishga imkon bergan. Qo‘shimcha tekshiruvlar MIRI instrumenti va Juda katta teleskop (VLT) suratlari yordamida o‘tkazilgan.

“Beta Pictoris d” ob’ektining massasi Yupiter massasidan kamida ikki baravar ko‘p. Sayyora yulduzdan taxminan 30 astronomik birlik uzoqlikda aylanadi, bu Neptun orbitasiga mos keladi. Ushbu kashfiyot chang diskining kuchli yorug‘lik xalaqiti sharoitida o‘rtacha aniqlikdagi spektroskopiya usuli bilan ekzosayyora aniqlangan birinchi holat bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yerdan taxminan 25 yorug‘lik yili uzoqlikda, Jiraf (Kamelopardalis) yulduz turkumida joylashgan GJ 3378b sayyorasi yerdan tashqaridagi hayot uchun eng istiqbolli nomzodlardan biri bo‘lishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi. Yangi tadqiqotning ko‘rsatishicha, u o‘z yulduzining hayot zonasida (yashash uchun qulay hududda) joylashgan va unda suyuq suv mavjud bo‘lishi uchun potensial sharoit bor.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing