Tarixdagi eng yosh ekzosayyora kashf etildi
Bu qiziq
−
08:20 928 2 daqiqa
Olimlar yoshi bir million yildan kam bo‘lgan va gigant sayyoralarning shakllanishi haqidagi tasavvurlarni o‘zgartirayotgan Elias 2-24 b sayyorasini kashf qildi. Bu haqda “ScienceDaily” xabar berdi.
Qayd etilishicha, astronomlar bugungi kunda ma’lum bo‘lgan eng yosh ekzosayyora kashf etilganini tasdiqlagan. Elias 2-24 b nomli ob’ekt Yerdan taxminan 450 yorug‘lik yili uzoqligida joylashgan. Uning yoshi bir million yildan kamni tashkil etadi. Sayyora massasi bo‘yicha Yupiter bilan teng keladi va hanuzgacha o‘z yosh yulduzini o‘rab turgan gaz-chang diski ichida joylashgan.
Kashfiyot Chilidagi Diyego Portales universitetidan Andrea Bernardi boshchiligidagi tadqiqotchilar guruhi tomonidan amalga oshirilgan. Olimlar Gavayidagi Kek observatoriyasining 2018 va 2020 yillardagi arxiv ma’lumotlarini tahlil qilgan. Ob’ektni aniqlash uchun yulduzning yorqin nurini to‘sib, atrofdagi xira jismlarni ko‘rish imkonini beruvchi koronografdan foydalanilgan.
Elias 2-24 b chang diskidagi bo‘shliqda, o‘z yulduzidan Yer va Quyosh o‘rtasidagi masofadan 55 baravar kattaroq masofada joylashgan. Ilgari bunday olis orbitalarda gaz gigantlarining shakllanishi uchun taxminan besh million yil kerak bo‘ladi deb hisoblanar edi. Ilgarigi rekordchilar, jumladan, PDS 70 va WISPIT 2 yulduzlari atrofidagi sayyoralar besh million yildan ortiq yoshga ega edi.
Tadqiqot hammuallifi, Chilidagi Astrofizika institutidan Lukas Sesaning so‘zlariga ko‘ra, kashfiyot sayyoralar hosil bo‘lishining zamonaviy modellarida sezilarli bo‘shliqlar mavjudligini ko‘rsatadi. ALMA radioteleskopi, Juda katta teleskop (VLT) va Kek observatoriyasi ma’lumotlarini birlashtirish ob’ekt orbita bo‘ylab harakatlanayotganini va tasvirga olishdagi anomaliya emas, balki aynan shakllanayotgan sayyora ekanini tasdiqlash imkonini bergan. Olimlar Nensi Greys Roman kosmik teleskopi yordamida bunday ob’ektlar haqida yangi ma’lumotlar olishga umid qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Merkuriy sayyorasi avvalgi hisob-kitoblarga qaraganda 30 foizga ko‘proq qisqarayotgan bo‘lishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi