Jennifer Lopes ruhiy kasallikka chalinishiga bir bahya qolganini aytib berdi

Madaniyat-san’at

image

Jahon estradasi yulduzi Jennifer Lopes o‘zining “OnTheJLo” veb-saytida yozgan xabarida bir vaqtlar u ruhiy kasallikka chalinishiga bir bahya qolganini esladi. 

Jahon estradasi yulduzining qayd etishicha, ilk yulduzlik yillarida u o‘zini “Yengilmas” deb hisoblagan va buni isbotlash yo‘lida bor diqqat-e’tiborini ijodga qaratgani natijasida ruhiy muammolar bilan yuzma-yuz kelgan.

“Men u vaqtda 20 yoshda edim, o‘zimni yengilmasdek his qilardim. Bor vujudim bilan ishga sho‘ng‘igan edim: kuni bilan suratga olish maydonchalarida bo‘lardim, tunni ovoz yozish studiyasida o‘tkazardim. Dam olish kunlarida esa ziyofatlarga borardim. Ana shu vaqtda men bir kun davomida o‘rtacha uch, ko‘pi bilan besh soat uxlaganman”, deydi Jennifer Lopes.

Haddan tashqari katta yuklama va bosim natijasida u sarosimaga tushib qolgani, hatto, aqldan ozishiga bir bahya qolganligini yashirmadi.

“Bir kuni surunkali uyqusizlik va doimiy stress o‘zini ko‘rsatdi. Kutilmaganda men vahima va sarosima iskanjasida qoldim, men o‘zimdagi ruhiy jarayonlar nima deb nomlanishini ham bilmasdim. Bu xuruj oqibatida joyimdan qimirlay olmadim, ko‘z oldim qorong‘ilashib ketdi, bu juda qo‘rqinchli edi. Meni shu ahvolda ko‘rgan tansoqchi zudlik bilan shifokorga olib bordi. Biz shifokor huzuriga kelganimizdan keyingina tilim so‘zga kirdi. Ehtimol men aqldan ozayotgandirman, degan xayol menga tinchlik bermadi”, degan xonanda.

Aynan shu voqea sabab u turmush tarzini o‘zgartirishi kerakligini tushunib yetgan.

“O‘sha paytda men o‘z sog‘lig‘imga mutlaqo e’tiborsiz edim va tanamning signallarini ahamiyatsiz qoldirardim. Ammo bu voqeadan keyin men o‘z sog‘lig‘im uchun kurashni boshladim”, deya so‘zlariga yakun yasaydi qo‘shiqchi. 

Jennifer Lopes bunday og‘ir holatdan uch qoidaga amal qilish orqali chiqib ketganiga urg‘u berdi. U kuniga kamida yetti soatdan uxlagan, kofeindan voz kechgan va har kuni sport bilan shug‘ullanishni boshlagan.

Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 24 iyul kuni 53 yoshni qarshilaydigan Jennifer Lopes ijodiy faoliyatini 1986 yilda boshlagan. U nafaqat xonanda, balki aktrisa, raqqosa, prodyusser va tadbirkor. “Forbes” jurnali 2020 yilda Jennifer Lopesning moliyaviy holatini 150 million dollarga baholagan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

181

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing