JCHning har bir o‘yini ikki marta uch daqiqaga to‘xtatiladi
Sport
−
09 dekabr 1616 2 daqiqa
2026 yilgi Jahon chempionati o‘yinlarida, ob-havo sharoitidan qat’i nazar, har bir bo‘lim o‘rtasida uch daqiqalik “cooling break” tanaffusi bo‘ladi. Bu haqda FIFA xabar berdi.
Xalqaro futbol tashkiloti bayonotiga ko‘ra, hakamlar har bir bo‘limning 22-daqiqasida o‘yinni to‘xtatib, futbolchilarga suv ichish va tiklanish uchun sharoit yaratadi. FIFA bu yangi tartib amaldagi qoidalarning soddalashtirilgan shakli ekanini ta’kidladi. Avvalgi reglamentga ko‘ra, o‘yin boshlanishidagi harorat 31 darajadan yuqori bo‘lsa, har bo‘limning 30-daqiqasida “cooling break” tanaffusi o‘tkazilishi talab etilgan.
“Har bir o‘yinda qaysi stadionda o‘tkazilishidan qat’i nazar va harorat qanday bo‘lishidan qat’i nazar uch daqiqalik suv ichish tanaffusi bo‘ladi”, deydi turnirning AQSHdagi bosh direktori Manolo Zubiriya.
Bu qaror joriy yilning yoz oylarida AQSHda bo‘lib o‘tgan Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati vaqtida kuzatilgan yuqori haroratli o‘yinlardan so‘ng qabul qilingan. O‘sha turnirda bir nechta o‘yinlar keskin issiq paytlarda boshlangan va futbolchilarning holati borasida muhokamalar kuchaygan edi.
Football for the Future, Common Goal va Jupiter Intelligence tomonidan e’lon qilingan tadqiqotda, 2026 yilgi musobaqa o‘tkaziladigan AQSH, Meksika va Kanadadagi 16 stadiondan 10 tasida ekstremal issiqlik stressi xavfi yuqori ekani aniqlangan.
“Suv ichish uchun tanaffuslar joriy etilishi futbolchilar uchun eng maqbul sharoitlarni ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlarning bir qismidir. Bu avvalgi turnirlardan, jumladan yaqinda o‘tkazilgan Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatidan olingan tajribaga asoslanadi”, deyiladi FIFA bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, Jahon chempionatining guruh bosqichiga qur’a tashlash marosimida O‘zbekiston milliy terma jamoasi Portugaliya, Kolumbiya va Yamayka/Kongo/Yangi Koledoniya o‘tish o‘yini g‘olibi bilan birga “K” guruhidan joy olgan edi.
Live
Barchasi