JCHda hijobsiz qatnashgan eronlik shaxmatchiga Ispaniya fuqaroligi berildi
Sport
−
27 iyul 2023
64962022 yilning dekabr oyida Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan shaxmat bo‘yicha Jahon chempionatida hijobsiz ishtirok etgan eronlik shaxmatchi Sara Xademga Ispaniyaning faxriy fuqaroligi berildi. Bu haqda mamlakat Adliya vazirligiga tayanib, CNN xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, kecha, 26 iyul kuni 26 yoshli mashhur eronlik grossmeyster Sara Xadem (Sarasadat Xademalshariyeh)ga rasman Ispaniya fuqaroligi berilgan. U o‘tgan yili Olmaota shahri mezbonlik qilgan shaxmatning rapid va blits yo‘nalishlari bo‘yicha Jahon chempionatidagi ishtirokidan keyin Ispaniyada yashab kelayotgan edi.
Gap shundaki, Xadem musobaqa davomida Eron hukumatining mamlakatda xotin-qizlarning hijob o‘rashi yuzasidan kiritgan majburiyatlariga qarshi norozilik fonida boshyalang holatda bahslarga kirishgan. Shundan so‘ng, Eron shaxmat federatsiyasi Xademdan yuz o‘girgan.
“Xadem chempionatga Eron federatsiyasi orqali emas, balki mustaqil, o‘z hisobidan bordi. U bizning mamlakatimizga vakillik qilmaydi”, degan Eron shaxmat federatsiyasi rahbari Hasan Taminiy.
Keyinchalik Sarasadat Xademning Olmaotada bo‘lib turgan vaqtida noma’lum shaxslar tomonidan ta’qibga uchragani haqida ham xabarlar tarqaldi.
Ma’lumot uchun, Sara Xadem grossmeyster unvoniga ega bo‘lib, Xalqaro shaxmat federatsiyasi saytidagi reytingida 771-o‘rinda, Eronda esa 9-o‘rinda turadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sara Xadem Madridda Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanches bilan uchrashgani va u bilan do‘stona suhbatga kirishib, birgalikda shaxmat o‘ynagani haqida xabar berilgan edi. Mazkur uchrashuvda grossmeyster bosh vazirni mag‘lub etishga ham muvaffaq bo‘lgan.
LiveBarchasi