JCH saralash tizimini isloh qilish taklif qilindi
Sport
−
19 noyabr 2025 1736 2 daqiqa
Turkiya terma jamoasi bosh murabbiyi Vinchenso Montella Yevropa mintaqasining Jahon chempionati saralash jarayonidan norozi bo‘lmoqda. Montella FIFA’ga yo‘llangan tanqidlarida Yevropa saralash bosqichining Janubiy Amerika bilan solishtirganda haddan tashqari talabchan ekanini ta’kidlamoqda. Bu haqda “Marca” nashri xabar berdi.
“Jahon chempionatiga chiqish uchun biz dunyoning eng kuchli jamoalaridan biri Ispaniyadan oldinga o‘tishimiz kerak edi. Janubiy Amerikada esa uzoq davom etadigan liga tizimi bor, oltita to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘rin va xatolarga ko‘proq imkoniyat. Bu yerda esa bitta kichik xato sizni pley-offga yoki umuman chetga chiqarib yuboradi”, dedi Montella.
Mutaxassis saralash tizimini isloh qilish bo‘yicha model ham taklif qildi:
“Menimcha, Chempionlar ligasi yoki La Liga formatiga o‘xshash tizimga o‘tish mumkin. Masalan, to‘qqiz jamoadan iborat oltita guruh, ikkita to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanma va qolganlar pley-off orqali aniqlansa, adolatliroq bo‘lardi”, deya ta’kidladi u.
Shuningdek, Italiya terma jamoasi murabbiyi Jennaro Gattuzo ham ushbu masala yuzasidan tanqid bildirgan edi:
“Janubiy Amerikada 10 ta jamoaning 6 tasi mundialga boradi, 7-si pley-off o‘ynaydi... Bu adolatsizlik. Bu narsani qayta ko‘rib chiqish vaqti kelgan”, deya fikr bildirgan edi Gattuzo.
Ma’lumot uchun, 2026 yil 11 iyunda boshlanadigan Jahon chempionatida Yevropa saralashida qatnashgan 54 ta jamoaning atigi 16 tasi final bosqichiga yo‘l oladi (Rossiyaning diskvalifikatsiya qilinganini hisobga olgan holda). Bu bor-yo‘g‘i 29,6 foiz demakdir.
Bunga qarshi ravishda Janubiy Amerika 10 jamoaning 60 foiziga (oltitasiga) to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanma bergan. Agar Boliviya mart oyida Meksikada o‘tadigan qit’alararo pley-offdan o‘tsa, bu ko‘rsatkich yana ortadi. Ya’ni Janubiy Amerikadan atigi uch jamoa (Chili, Peru va Venesuela) turnirdan chetda qolgan. Bu qit’a saralashida ishtirok etgan jamoalarning Jahon chempionatiga chiqish ehtimoli 70 foizga yaqin, boshqa biror konfederatsiyada bu foiz uchramaydi.
Taqqoslash uchun:
- Afrika: 18,86%
- Osiyo: 19,5%
- KONKAKAF (qo‘shimcha mezbon o‘rinlari bilan): 18,75%
- Okeaniya: 18,18%
Bu hozircha faqat taklif, ammo Yevropa futboli saralash jarayonining murakkabligi, ayniqsa, ikkinchi darajali jamoalar uchun keskin qiyinchilik tug‘dirayotganini ochiqchasiga ko‘rsatmoqda. Oxirgi yillarda Italiya ketma-ket ikki mundialni boy bergani, Portugaliya esa 2010 yildan beri uch bor pley-offga tushgani ushbu muammo jiddiyligini tasdiqlab turibdi.