Turkiyalik futbolchilarga JCHdagi ishtiroki uchun villalar beriladi
Sport
−
01 iyul 7065 2 daqiqa
Turkiya futbol federatsiyasi (TFF) prezidenti Ibrohim Hojiusmono‘g‘li milliy terma jamoa futbolchilariga avval va’da qilingan villalar albatta topshirilishini ma’lum qildi. Bu haqda “Sol Haber” nashri xabar berdi.
Hojiusmono‘g‘lining aytishicha, futbolchilar uchun atalgan villalarning qurilish loyihasi uchun barcha zarur ruxsatnomalar olingan va ishlar yaqin vaqt ichida boshlanadi.
“Barcha zarur ruxsatnomalar olingan va qurilish ishlari tez orada boshlanadi. Men va’damni albatta bajaraman va bu villalarni futbolchilarga topshiraman. Biz FIFA’dan 14 million dollar miqdorida bonus oldik. O‘z mablag‘imizdan yana 2 million dollar qo‘shdik. Ushbu mablag‘ saralash bosqichida milliy terma jamoaga jalb etilgan barcha futbolchilar o‘rtasida teng taqsimlandi. Keyin esa jamoa sardorlari har bir futbolchidan ma’lum qismini yig‘ib, bonuslarni ichki kelishuv asosida qayta taqsimlashdi”, dedi federatsiya rahbari.
Avvalroq, 2026 yil mart oyida Ibrohim Hojiusmono‘g‘li Turkiya terma jamoasi futbolchilariga Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritganlari uchun shaxsiy mablag‘lari hisobidan Bodrum shahridan hashamatli villa sovg‘a qilishini va’da qilgan edi. Keyinchalik hal qiluvchi pley-off bahsidagi g‘alabadan so‘ng, u har bir futbolchiga qo‘shimcha ravishda 1 million yevrodan mukofot puli ham berilishini e’lon qilgan.
Turkiya milliy terma jamoasi esa 2026 yilgi Jahon chempionatida kutilgan natijani qayd eta olmadi. Jamoa “D” guruhida 3 ochko bilan so‘nggi o‘rinni egalladi. Vinchenso Montellaning shogirdlari Avstraliyaga (0:2) va Paragvayga (0:1) mag‘lub bo‘lib, muddatidan avval pley-off imkoniyatini yo‘qotdi. So‘nggi turda esa turnir mezboni AQSHni Kaan Ayhanning 98-daqiqadagi goli evaziga 3:2 hisobida mag‘lub etdi.
Live
Barchasi