JCH finali chiptalari 2 mln dollardan ortiq narxda e’lon qilindi

Sport

image

FIFA’ning chiptalarni qayta sotish saytida Jahon chempionati finali uchun to‘rtta chipta savdoga qo‘yilgan bo‘lib, ularning har biri deyarli 2,3 million dollarga teng. Bu haqda “Skynews” xabar berdi.

Joriy yilning 19 iyul kuni Nyu-Jersidagi “MetLife Stadium” stadionida bo‘lib o‘tadigan o‘yin uchun 2 mln 299 ming 998,85 dollarlik joylar arenaning pastki qavatida, darvoza ortida joylashgan.

FIFA qayta sotish/ayirboshlash maydonchasidagi (Resale/Exchange Marketplace) narxlarni nazorat qilmaydi, biroq har bir chipta xaridoridan 15 foiz va sotuvchidan 15 foiz miqdorida vositachilik haqi oladi. Bu shuni anglatadiki, agar final chiptalaridan biri 2,3 million dollarga sotilsa, FIFA’ning o‘zi bundan 690 000 dollar foyda ko‘radi. 

Final uchun pastki qavatdagi yana bir “standart qulaylik” sifatida ko‘rsatilgan joy 207 000 dollarga, eng yuqori (uchinchi) qavatning oxirgi qatoridagi ikkinchi toifali chipta esa 138 000 dollarga sotuvga qo‘yilgan. Undan bir necha qadam naridagi boshqa bir joy uchun 23 000 dollar so‘ralmoqda.

Joriy yilning 23 aprel kuni saytda final uchun e’lon qilingan eng arzon chiptalarning narxi darvoza ortidagi eng yuqori qavatning tepadan to‘rtinchi qatoridagi to‘rtta joy uchun 10 923,85 dollarni tashkil etgan. FIFA izoh so‘ralgan elektron xatga hali javob bermagan.

Joriy yilning 22 aprel kuni FIFA o‘zining to‘g‘ridan to‘g‘ri chipta sotish saytida yangi chiptalar bloklarini chiqargan. Final uchun mavjud chiptalar narxi 10 990 dollar etib belgilangan. Taqqoslash uchun, yanvar oyida final uchun eng qimmat chipta 230 000 dollarga baholangan edi.

Avvalgi Jahon chempionatlarida qayta sotiladigan chiptalar narxi ularning asl qiymati (nominal narxi) bilan cheklangan. 2022 yilgi Jahon chempionatida FIFA ancha past komissiya olgan bo‘lib, sotuvchi va xaridordan 5 foiz yoki 2 Qatar riali (0,50 dollar) miqdorida haq olgan.

Bu galgi turnir uchun AQSH va Kanadadagi ikkilamchi bozorning (qayta sotish bozori) bo‘shligini vaj qilib, FIFA qayta sotish narxlariga cheklov qo‘ymaslikka qaror qilgan. Tashkilotning da’vo qilishicha, bu chayqovchilarning “StubHub” kabi uchinchi tomon saytlaridan foydalanishiga to‘sqinlik qiladi.

Shuningdek, FIFA saytida 14 iyul kuni Arlingtonda (Texas) bo‘lib o‘tadigan yarim final uchun 11 130 dollardan, 15 iyuldagi Atlantadagi yarim final uchun esa 9 660 va 4 360 dollardan chiptalar mavjud bo‘lgan.

AQSH terma jamoasining 12 iyun kuni Los-Anjelesda Paragvayga qarshi o‘tkazadigan ochilish o‘yini uchun narxlar 4 105, 2 735, 2 330 va 1 940 dollarni, amerikaliklarning 19 iyundagi Avstraliyaga qarshi Sietldagi ikkinchi o‘yini uchun esa 2 715 dollarni tashkil etdi. AQSHning guruh bosqichidagi so‘nggi — Turkiyaga qarshi Los-Anjelesdagi o‘yini chiptalari 2 970 va 1 345 dollarga baholandi.

Kanadaning 12 iyun kuni Torontoda Bosniya va Gersegovinaga qarshi o‘yini uchun chiptalarni 3 360, 2 240, 1 645 va 980 dollarga olish mumkin bo‘lgan.

11 iyun kuni Mexiko shahrida bo‘lib o‘tadigan Meksika va Janubiy Afrika o‘rtasidagi turnirning ochilish o‘yini uchun FIFA tomonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri hech qanday chipta e’lon qilinmagan.

Chorak finallar uchun narxlar: 9 iyuldagi Foksboro (Massachusets) o‘yini uchun 4 200 va 1 610 dollar, 10 iyuldagi Los-Anjeles o‘yini uchun 5 730 dollar, 11 iyuldagi Mayami-Gardens (Florida) o‘yini uchun 4 770 va 1 815 dollar hamda Kanzas-Sitidagi (Missuri) o‘yin uchun 4 080 dollar. 18 iyul kuni Mayami-Gardensda o‘tadigan uchinchi o‘rin uchun bahs chiptalarini 1 125 dollarga sotib olish mumkin edi.


Maqola muallifi

Teglar

FIFA JCh finali chiptalari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing