JCH–2026 ishtirokchisida narkotik aniqlandi
Sport
−
25 iyul 1840 1 daqiqa
Avstraliyalik yarim himoyachi Kristian Volpato Sidneyda tezlikni oshirgani uchun ikki marta to‘xtatilganidan so‘ng, uning organizmida kokain aniqlandi. Bu haqda AU News xabar berdi.
22 yoshli futbolchi ilk bor kecha, 23 iyul kuni mahalliy vaqt bilan soat 23:05 da Anzak ko‘prigida to‘xtatilgan. U tezlik soatiga 60 kilometr bilan cheklangan hududda 86–94 kilometr tezlikda harakatlangan. Futbolchidan alkogol bo‘yicha test olingan, ammo natija manfiy chiqqan.
Oradan ikki soat o‘tib, Volpato xuddi shu hududda soatiga 109 kilometr tezlikda harakatlanayotgani uchun yana to‘xtatilgan. Bu safar undan olingan test kokainga ijobiy natija bergan.
Yangi Janubiy Uels politsiyasi futbolchi tezlikni oshirgani uchun jarimaga tortilgani va uning xalqaro haydovchilik guvohnomasi olti oyga to‘xtatilganini ma’lum qilgan. Shuningdek, Volpatodan qo‘shimcha tahlil uchun yana namunalar olingan va tergov davom etmoqda.
Italiyaning “Sassuolo” klubida to‘p suradigan Volpato 2026 yilgi Jahon chempionatida Avstraliya terma jamoasi safida uchta uchrashuvda maydonga tushgan. Avstraliyaliklar 1/16 finalda Misrga penaltilar seriyasida mag‘lub bo‘lgan.
Jahon antidoping agentligi (WADA) qoidalariga ko‘ra, kokain faqat musobaqa paytida taqiqlangan modda hisoblanadi. Shu sababli Volpatoga sport diskvalifikatsiyasi qo‘llanilmasligi kutilmoqda.
Live
Barchasi