JCH–2026: Angliya – Norvegiya. 9 lar to‘qnashuvi oldidan nimalarni bilish kerak?
Tahlil
−
11 iyul 3826 7 daqiqa
AQSHning Mayami shahri Toshkent vaqti bilan bugun, 10 iyuldan 11 iyulga o‘tar kechasi tungi soat 02:00 da Yevropa futbolining ikki yirik jamoasi – Angliya va Norvegiya o‘rtasidagi Jahon chempionati chorak finaliga mezbonlik qiladi.
Norvegiya 2026 yilgi mundialning eng katta sensatsiyalaridan biriga aylandi. 1998 yildan beri ilk bor Jahon chempionatida ishtirok etayotgan jamoa 1/8 finalda besh karra jahon chempioni Braziliyani mag‘lub etib, o‘z tarixida birinchi marta ketma-ket ikki pley-off bahsida g‘alaba qozondi. Endi esa ularning yo‘lini Angliya to‘sib turibdi. Angliya terma jamoasi esa o‘z tarixida to‘rtinchi marta yarim finalga chiqish va chorak finaldagi sakkizinchi mag‘lubiyatidan qochishni maqsad qilgan.
Quyida "Kim yutadi?" deb nomlangan rukn prevyuda ushbu uchrashuv oldidan eng muhim jihatlarga to‘xtalamiz.
Oltin butsa uchun kurash
Bu mundialda ilk marta "Oltin butsa" uchun kurashayotgan ikki asosiy da’vogar bir maydonda to‘qnash keladi. Norvegiya bosh murabbiyi Stole Solbakken guruh bosqichida Erling Xoland va Kilian Mbappeni bir vaqtning o‘zida maydonga tushirish imkonini bermagan edi. Xoland Iroq va Senegalga qarshi bahslarda ikkitadan gol urganiga qaramay, Fransiyaga qarshi o‘yinda zaxirada qoldirilgan, chunki jamoa pley-off yo‘llanmasini oldindan hal qilib bo‘lgandi.
Biroq Xoland keyingi bosqichlarda o‘z salohiyatini to‘liq namoyon qildi. U avval Kot-d'Ivuarga qarshi g‘alaba golini urdi, keyin esa Braziliya darvozasiga ikkita to‘p kiritib, jamoasini chorak finalga olib chiqdi. To‘rt o‘yindagi 7 ta gol bilan u ketma-ket 14 ta xalqaro o‘yinda gol urish seriyasini davom ettirdi. Shu vaqt ichida u jami 27 ta gol ura oldi. Uning milliy jamoadagi umumiy ko‘rsatkichi esa 54 o‘yinda 62 ta golni tashkil qilmoqda.
25 yoshli Xoland "Oltin butsa" poygasida Kilian Mbappe va Lionel Messidan bitta gol ortda bormoqda. Harri Keyndan esa bitta gol oldinda. 32 yoshli Keyn Xorvatiyaga qarshi guruh bahsida dubl qayd etdi, Panamaga qarshi yana bir gol urdi, Kongoga qarshi dramatik kambekda ikkita gol muallifi bo‘ldi va Meksikaga qarshi 3:2 hisobidagi g‘alabada hal qiluvchi penaltini aniq amalga oshirdi.
Har ikki hujumchi Premer-ligada uch martadan to‘purar bo‘lgan, Germaniya chempionatida ham muvaffaqiyat qozongan. Ular shu paytgacha faqat ikki marta, 2022/23 yilgi mavsumda, "Tottenhem" va "Manchester Siti" safida bir-biriga qarshi maydonga tushgan. O‘sha ikki bahsda har biri bittadan gol urgan va jamoalar bir martadan g‘alaba qozongan. Albatta, bu ko‘rsatkichlar Mayamidagi bahsni yanada qiziqarli qilishi turgan gap.
Angliya Xolandni qanday to‘xtatishi mumkin?
Bu yerda kutilmagan yechim bo‘lishi mumkin bo‘lgan holat – Den Byornni asosiy tarkibda tushirish bo‘lishi mumkin. "Nyukasl"ning bo‘yi 201 santimetr bo‘lgan markaziy himoyachisi Tomas Tuxelning Jahon chempionati uchun tanlovida kutilmagan nomlardan biri edi. U Angliya safidagi debyutini 33 yoshiga yaqinlashganda, 2025 yil mart oyida o‘tkazdi va hozirgacha faqat to‘rt marta asosiy tarkibda maydonga tushdi.
Meksikaga qarshi o‘yinda u oxirgi 15 daqiqada zaxiradan tushib, bir necha xavfli uzatmalarni qaytardi va jamoasi o‘n kishi bo‘lib qolgan holatda g‘alabani saqlab qolishda hal qiluvchi rol o‘ynadi. Byorn Xolanddan sekinroq harakat qilsa-da, ikki dyuym baland va to‘qqiz yosh katta. Eng muhimi, ular Angliyada bir necha marta to‘qnash kelgan.
Xoland "Manchester Siti"ga o‘tganidan beri Byornga qarshi sakkiz marta o‘ynagan. Olti bahs Premer-ligada, yana ikkitasi Angliya kubogi va Liga kubogida bo‘lgan. Ular birga maydonda o‘tkazgan o‘n soatdan ziyod vaqt davomida Xoland atigi bir marta gol urgan. Bu ham ularning ilk uchrashuvida – 2022 yil avgust oyida sodir bo‘lgan. Xalqaro miqyosda har 73 daqiqada bitta gol urayotgan hujumchi uchun bu statistika e’tiborga loyiq, albatta. Shuningdek, Xoland himoyachi Ezri Konsaga qarshi besh uchrashuvda jami 406 daqiqa o‘ynab, faqat bir marta gol urgan. Bu ham ularning birinchi bahsida qayd etilgan.
Boshqa tomondan esa, Xoland Mark Gehiga qarshi besh o‘yinda 7 marta gol urgan. Keyinchalik Gexi uning "Manchester Siti"dagi jamoadoshiga aylangan. Jon Stouns esa Xolandning klubdoshi bo‘lgani uchun unga qarshi hech qachon o‘ynamagan.
Markazdagi asosiy to‘qnashuv – Edegor va Rays edi, ammo…
Norvegiya sardori Martin Edegor Braziliyaga qarshi bahsda to‘pni oldinga 61 marta olib chiqqan va 109 ta uzatmaning 101 tasini aniq bajargan. Uning yetakchiligida Norvegiya Braziliyaga faqat 33,6 foiz to‘p nazoratiga ega bo‘lish imkonini berdi xolos. Bu Braziliyaning jahon chempionatlari tarixidagi eng past ko‘rsatkichi hisoblanadi.
Angliya esa Meksikaga qarshi o‘yinda bundan ham kam – 33,2 foiz to‘p nazoratiga ega bo‘lgan. Yarim finalga chiqish uchun esa angliyaliklar ko‘proq to‘pga egalik qilishi, demak, Edegorning o‘yinini cheklashi kerak bo‘ladi. Bu vazifani yaxshi biladigan futbolchi, albattaki, Deklan Rays. U Edegor bilan so‘nggi uch mavsumda "Arsenal" safida 117 marta birga maydonga tushgan va jamoa bilan Premer-liga chempionligini hamda Chempionlar ligasi finalini qo‘lga kiritgan.
Biroq Rays bir necha oydan beri bel va son orqa qismidagi asab og‘riqlari bilan o‘ynab kelayotgan edi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Rays ketma-ket ikki kun milliy terma jamoa mashg‘ulotlarini o‘tkazib yuborgan. Sababi futbolchida ichak infeksiyasi aniqlangan. 27 yoshli futbolchi avvaldan son mushaklari va belining pastki qismiga ta’sir qiluvchi nevrologik muammolardan aziyat chekkan bo‘lib, infeksiya uning ahvolini yanada og‘irlashtirgan.
Angliya terma jamoasi tibbiy shtabi infeksiyaning jamoa ichida tarqalishining oldini olish uchun zarur choralarni ko‘rgan va uni vaqtinchalik jamoadan chetlatgan. Bundan ma’lum bo‘ladiki, edi bu ikki raqobat bugun sodir bo‘lmaydi.
Mayami issig‘i kimga ko‘proq ta’sir qiladi?
Britaniyaliklar ham, skandinaviyaliklar ham yuqori harorat va namlikka moslashishi nisbatan qiyin bo‘lgan jamoalardir. Norvegiya bu borada ma’lum ustunlikka ega. Jamoa turnir davomida beshta o‘yinning to‘rttasini issiq va nam iqlim sharoitida o‘tkazgan. Angliya esa bir qator bahslarni yopiq stadionlarda yoki nisbatan salqin ob-havoda o‘ynagan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bugun Mayamida harorat taxminan 33 daraja, namlik esa 58 foizni tashkil qilishi kutilmoqda. Uchrashuv mahalliy vaqt bilan soat 17:00 da boshlanadi. Shuningdek, momaqaldiroqli yomg‘ir xavfi ham mavjud. Kichik ko‘ringan jihat esa aslida katta omil bo‘lishi hech gap emas. Bu sharoitga kim yaxshiroq moslashsa, yarim finalga chiqish imkoniyati ham o‘shaniki bo‘ladi.
Nusa va Shelderup – Angliyaning o‘ng qanoti uchun asosiy xavf
Mayamidagi yana bir muhim duel Norvegiyaning chap qanoti va Angliyaning o‘ng qanoti o‘rtasida kechadi. Angliyaning asosiy o‘ng qanot himoyachisi Ris Jeyms Ganaga qarshi o‘yinda son mushagidan jarohat olganidan keyin so‘nggi uchrashuvlarni o‘tkazib yubordi. Tino Livramento ham jarohat tufayli turnirda ishtirok etmayapti. Shu sababli Jeyms tarkibdagi yagona tabiiy o‘ng qanot himoyachisi bo‘lib qolmoqda. Uning o‘rnida Djed Spens, Ezri Konsa, Jon Stouns va Jarrell Kuansa turli o‘yinlarda harakat qildi. Hatto Deklan Rays ham bir muddat ushbu pozitsiyaga qaytdi.
Jeyms chorak finalga tayyor bo‘lishga harakat qilmoqda. Bu Tuxel uchun muhim yangilik, chunki Kuansa Meksikaga qarshi qizil kartochka olgani sababli diskvalifikatsiya qilingan. Agar Jeyms o‘ynay olmasa, ehtimol, Konsa yana o‘ng qanotda harakat qiladi. Kim maydonga tushmasin, uni og‘ir vazifa kutadi.
Norvegiyalik chap qanot hujumchi Antonio Nusa chap qanotdan keskin reydlar qilishni yaxshi ko‘radi va Kot-d'Ivuarga qarshi bahsda ajoyib aylanma zarba bilan hisobni ochgan edi. Uning o‘rniga Braziliyaga qarshi ikkinchi bo‘limda maydonga tushgan "Benfika" vingeri Andreas Shelderup esa uchrashuv taqdirini o‘zgartirgandi. 22 yoshli futbolchi Erling Xolandning birinchi goliga assistentlik qildi, keyin esa ikkinchi gol oldidan ham hujumni tashkil etib berdi. Shu sababli Angliya himoyasining o‘ng qanoti ushbu chorak finaldagi eng muhim nuqtalardan biri bo‘lishi kutilmoqda.
Live
Barchasi