O‘zbekistonda 28 yilda ilk marta norasmiy sektorda band aholi kamaydi

Jamiyat

image

2019 yilning birinchi yarim yilligida mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bor norasmiy sektorda band bo‘lgan aholi soni kamaydi. Ushbu davr mobaynida norasmiy sektorda ishlayotgan aholining ulushi 1,1 foizga kamayib, 58,2 foizni tashkil qildi. Bu haqda Jahon banki hisobotida ko‘rsatib o‘tilgan.

Qayd etilishicha, joriy yilning birinchi yarmida O‘zbekiston iqtisodiyotida kuzatilgan o‘sish asosan infratuzilma va sanoatga kiritilgan investitsiyalar hajmining o‘sishi bilan bog‘liq.

“Asosiy savdo hamkorlarining iqtisodiy holati bo‘yicha prognozlar unchalik ham ijobiy bo‘lmasa-da, O‘zbekiston iqtisodining o‘rta muddatdagi istiqboli yuzasidan taxminlar ijobiyligicha qolyapti va bu – keng ko‘lamli islohotlarning davom etayotgani bilan izohlanadi”, deyiladi Jahon banki hisobotida.

Ta’kidlanishicha, iqtisodiy o‘sish natijasida mamlakatdagi rasman tan olingan qashshoqlik darajasining biroz pasayishi kuzatilgan. Jumladan, 2017 yilda O‘zbekistonning 11,9 foiz aholisi qashshoq sanalgan bo‘lsa, 2018 yilga kelib bu ko‘rsatkich 11,4 foizga tushgan. Shunday bo‘lsa-da, hukumat keltirgan bu rasmiy statistik ma’lumotlar nostandart metodlar bilan hisoblab chiqilgan.

Prognozlarga kelganda, Jahon banki O‘zbekiston YAIM 2019-2020 yillarda 5,6 foiz atrofida o‘sishini, 2021 yilga borib esa o‘sish sur’ati 6 foizga yetishini taxmin qilyapti.

“O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun asosiy xavf – global iqtisodiy holatning beqarorlashuvi ehtimolidir. Boisi mamlakatning ayniqsa asosiy savdo hamkorlari tashqi risklar qarshisida turibdi.

Ichki risk omillaridan esa kreditlash sur’atining yuqoriligi, bu monetar siyosatning samaradorligini pasaytirib, moliya sektorining barqarorligiga salbiy ta’sir qilishini keltirish mumkin. Qolaversa, davlat qaramog‘idagi korxonalar, bank sektori, qishloq xo‘jaligi va yerga egalik sohasidagi islohotlarning keyingi bosqichini ham ehtimoliy ichki risklar qatoriga kiritish mumkin”, deyiladi JBning yangi hisobotida.


Maqola muallifi

Teglar

iqtisodiyot Jahon banki

Baholaganlar

12

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing