Ukraina Jahon bankidan qancha dollar olganini aytdi
Olam
−
26 dekabr 2023
9923Ukraina kecha, 25 dekabr kuni Jahon bankining urushdan jabr ko‘rgan mamlakatni qo‘llab-quvvatlash loyihasi doirasida 1,34 milliard dollar olganini ma’lum qildi. Bu haqda mamlakat Moliya vazirligi xabar bergan.
“Moliyalash Jahon bankining 1,086 milliard dollarlik mablag‘idan iborat bo‘lib, u Ukraina hukumati kafolati ostida Ukraina uchun zarur bo‘lgan kreditni kuchaytirish (ADVANCE UKRAINE) maqsadli jamg‘armasi orqali taqdim etilgan”, deyiladi Ukraina Moliya vazirligi bayonotida.
Ukraina uchun ajratilgan qo‘shimcha mablag‘lar Jahon bankining Ukrainaga yordam berish, qayta tiklash, qayta qurish va isloh qilish trast fondi orqali o‘tkaziladigan Norvegiya (190 million dollar), AQSH (50 million dollar) va Shveysariya (20 million dollar) pullaridan tashkil topgan.
"Mablag‘lar Ukraina Davlat byudjetining xavfsizlik va mudofaa bilan bog‘liq bo‘lmagan xarajatlarini, jumladan, keksalik uchun ijtimoiy to‘lovlar va Davlat Favqulodda vaziyatlar xizmati xodimlari maoshini qisman qoplash uchun ishlatiladi", deyiladi xabarda.
Moliya vaziri Sergey Marchenko, xalqaro moliyaviy yordam Ukrainaning iqtisodiy barqarorligini saqlashga muhim hissa bo‘lib, urush davrida ustuvor ijtimoiy xarajatlarni ta’minlashga imkon beradi, deb hisoblaydi.
“To‘liq miqyosli bosqin boshlanganidan beri Yaponiya, AQSH, Norvegiya va Shveysariya hukumatlari Ukrainani sodiq qo‘llab-quvvatlashi va birdamligini qayta-qayta namoyish etdi. Men hamkorlarimizga Ukraina uchun hal qiluvchi vaqtda hamkorlik qilish va bizga yordam berishga tayyor ekanliklari uchun minnatdorman,” deya qo‘shimcha qilgan vazir.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 4 dekabr kuni agar AQSH Kongressi Kiyevga yordam ko‘rsatish uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratishni ma’qullamasa, yil oxirigacha AQSHning Ukrainaga qurol-yarog‘ va texnika sotib olish uchun resurslari tugashi ma’lum qilingan edi.
LiveBarchasi