Jazoirlik bokschi Imon Halif faoliyatini yakunladi
Sport
−
21 avgust 7953 2 daqiqa
Ayollar o‘rtasida boks bo‘yicha Olimpiada chempioni – jazoirlik Imon Halif boksni tark etdi. Bu haqda uning sobiq menejeri Nosir Yesfah “Nice-Matin” nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Yesfahning aytishicha, Halif Parij Olimpiadasiga tayyorgarlik ko‘rgan Nice Azur Boxe klubi moliyaviy muammolar tufayli unga professional shartnoma bera olmagan, oqibatda u rejalashtirilgan beshta jang o‘rniga faqat bitta jangni o‘tkaza olgan.
“Imon nafaqat Nitssani, balki butun boks olamini tark etdi”, deydi u.
Yesfahning so‘zlariga ko‘ra, boks bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi Olimpiada chempioni Halif hozirda asosan Jazoirda, ba’zan esa Qatarda mashg‘ulot o‘tkazadi, ammo uning faoliyati hozircha homiylik pullariga bog‘liq.
“Hozir u hammasini tashlab qo‘ydi”, deya qo‘shimcha qilgan Yesfah.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Halif joriy yilning iyun oyida Niderlandiyaning Eyndhoven shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro turnirda ham qatnasha olmagan. Tashkilotchilar uni gender testlari bo‘yicha rasmiy xulosalar chiqishidan avvalroq musobaqadan chetlatib yuborgan.
Ma’lumot uchun, 2023 yilda Halif va tayvanlik Lin Yuy-Tin Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) tomonidan Jahon chempionatidan chetlatilgan. O‘sha paytda IBA rahbari Umar Kremlyov ularning genetik tahlillari erkaklar xromosomasi to‘plami – XY’ni ko‘rsatganini bayon qilgan. Shunga qaramay, Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi ularga Parij Olimpiadasida qatnashishga ruxsat bergan va har ikkala bokschi oltin medalni qo‘lga kiritgan. Qayd etish joiz, o‘zbekistonlik bokschi Sitora Turdibekova Parij Olimpiadasining chorak final yo‘llanmasi uchun bahsida Lin Yuy-Tin bilan kuch sinashib, mag‘lubiyatga uchragan edi.
Qayd etish joiz, 2028 yilgi Olimpiadada boks musobaqalarini tashkillashtiradigan World Boxing gender testlarini majburiy qilib qo‘ydi.
Live
Barchasi