“Javob berishga tayyormiz”. Bayden Zelenskiy bilan qo‘ng‘iroqlashdi

Olam

image

AQSH va Ukraina Prezidentlari Jo Bayden va Vladimir Zelenskiy telefon orqali muloqot qildi. Unda Amerika yetakchisi Ukraina chegarasidagi vaziyat yomonlashsa, Vashington va uning ittifoqchilari “hal qiluvchi javob” berishga tayyorligini ma’lum qildi. Bu haqda Oq uy Matbuot kotibi Jen Psaki ma’lumot berdi.  

“Prezident Bayden agar Rossiya kelajakda Ukrainaga bostirib kirsa, Qo‘shma Shtatlar, uning ittifoqchilari va hamkorlari qat’iy javob berishini aniq aytdi”, degan Psaki. 

Qo‘shimcha qilinishicha, yetakchilar NATO va YeXHT orqali Rossiya bilan bo‘lajak aloqalar doirasidagi diplomatik sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. Bundan tashqari, telefon orqali muloqot chog‘ida Bayden Zelenskiyga Vashingtonning Ukraina hududiy yaxlitligini himoya qilishga sodiqligini yana bir bor tasdiqlagan. 

“Shuningdek, u Donbassdagi keskinlikni yumshatish bo‘yicha ishonchni mustahkamlash chora-tadbirlarini va Minsk kelishuvlarini amalga oshirishni ilgari surish uchun faol diplomatiyani qo‘llab-quvvatlashini bildirdi”, degan Oq uy Matbuot kotibi. 

Zelenskiy o‘zining Twitter’ida Amerika yetakchisi bilan suhbatda Ukrainaning ichki ishlarini muhokama qilganiga aniqlik kiritgan. 

“AQSH Prezidenti bilan yilning birinchi xalqaro muloqoti munosabatlarimizning o‘ziga xos xususiyatini isbotlaydi. Biz Ukraina, AQSH va hamkorlarning Yevropada tinchlikni saqlash va bundan keyin kuchayishiga yo‘l qo‘ymaslik, islohotlar va de-oligarxizatsiya bo‘yicha birgalikdagi harakatlarini muhokama qildik”, deb yozgan u. 

Ma’lumot o‘rnida, Ukraina rasmiylari va G‘arb davlatlari Moskvaning qo‘shni davlat bilan chegarada “tajovuzkor harakatlari kuchayganidan” xavotir bildirmoqda. O‘z navbatida, Kreml Rossiya o‘z hududi ichida va o‘z xohishiga ko‘ra qo‘shinlarini olib o‘tayotganini, lekin hech kimga tahdid qilmasligini ma’lum qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Zelenskiy Bayden

Baholaganlar

365

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing