Jasliqda qiynoqlar bo‘lmagan! – “Zamministr”ning gapi Freyzernikiga to‘g‘ri kelmayapti

Jamiyat

image

Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Bahrom Odilov ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 2 avgustdagi  “Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 19-son ixtisoslashtirilgan Jazoni ijro etish koloniyasini tugatish to‘g‘risida”gi qarori yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazilgani haqida xabar bergan edik. Unda janob vazir o‘rinbosari Jasliqdagi koloniyada mahbuslarga nisbatan hech qanday qiynoqlar bo‘lmaganini aytgandi. 

“Ayni vaqtda mahbuslarga nisbatan hech qanday qiynoq qo‘llanilmayapti”, degan edi Odilov. 

Ammo xalq orasida “borsa kelmas” deb nom olgan Jasliq qamoqxonasida “past tomli, engashib yuradigan, tizza bo‘yi suv turadigan kameralar bor” degan gaplar tarqalgan. Albatta, shamol bo‘lmasa, daraxtning uchi qimirlamaydi. Biroq, Odilov bu gaplarni ham rad etdi. 

“Yo‘q, mutlaqo yolg‘on. O‘tgan yili xalqaro hamjamiyatlar vakillari kelib, Jasliqni to‘liq o‘rganib ketishgan va sharoitlarga yuqori baho berishgan. Ko‘rishni istaydiganlar bo‘lsa, jurnalistlar uchun press tur o‘tkazilishi mumkin”, dedi Bahrombek Odilov koloniyani sal kam jannatga qiyoslab. 

Biroq, mazkur qamoqxona tashkil etilgandan 3 yil o‘tib, ya’ni 2002 yil Jasliqqa kelganlar Odilovning aytganlarining butkul teskarisini ta’kidlagan. Bu Birlashgan Millatlar Tashkilotining O‘zbekistondagi koordinatori Helena Freyzerning bayonotida ochiqlandi. 

“Jasliq koloniyasidagi ayanchli ahvolni 2002 yil noyabr va dekabr oylarida BMTning Qiynoqlar bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Teo van Boven O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida tanqid qilgan. Xususan, u shunday degan: “Hukumat shoshilinch ravishda Jasliq koloniyasini yopish masalasini ko‘rib chiqishi zarur, chunki u hatto o‘zining joylashgan yeri bo‘yicha ham shafqatsiz, g‘ayriinsoniy va qadr-qimmatni kamsituvchi muomala yoki jazoga yaqin qamoq sharoitiga tushib qolgan”, deb yozadi Freyzer xonim. 

Helena Freyzerga ko‘ra, O‘zbekiston Hukumatiga BMTning Qiynoqlarga qarshi konvensiyasining Fakultativ protokolini ratifikatsiya qilish tavsiya etilgan. Unga binoan BMTning Qiynoqlarga qarshi quyi qo‘mitasiga O‘zbekistondagi yopiq muassasalarga tashrif buyurish huquqi berilishi va O‘zbekiston qiynoqlarning oldini olish uchun mamlakatning barcha qamoqxonalariga rejadan tashqari muntazam monitoring tashriflarni o‘tkazuvchi milliy profilaktika mexanizmini yaratishi zarurligi talab etiladi.

1999 yilda ro‘y bergan 16 fevral voqealaridan keyin tashkil etilgan Jasliq qamoqxonasi O‘zbekistonda  Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan so‘nggi ikki yarim yillikda olib borilayotgan ochiqlik va oshkoralik siyosati, inson huquqlarini ta’minlash borasidagi haqiqiy adolatli islohotlarga umuman mos emas edi. Eski davr sarqiti bo‘lgan – Jasliq koloniyasi Mirziyoyevning siyosiy irodasi bilan bir oy ichida butkul yo‘q bo‘ladi. 
 


Maqola muallifi

Teglar

Jasliq koloniyasi Bahrom Odilov Helena Freyzer

Baholaganlar

104

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing