Jasliqdagi qamoqxonada necha kishi vafot etgan?
Bu qiziq
−
06 avgust 2019
22740O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 2 avgustda imzolagan “Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 19-son ixtisoslashtirilgan Jazoni ijro etish koloniyasini tugatish to‘g‘risida”gi qarori bilan faoliyati tugatilgan Jasliq koloniyasida 20 yil davomida qancha mahbus vafot etgan. Bu haqdagi savol bilan Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Bahrom Odilovga yuzlanildi.
“Bu bo‘yicha ham hozir menda ma’lumot yo‘q. Jazo muddatini o‘tash jarayonida jinoyat sodir etgan shaxs yosh yoki qari bo‘lishi mumkin. Orasida kasallikka chalinganlar bo‘lishi mumkin. Surunkali kasalliklar yoki yurak huruji kabi tabiiy o‘lim holati yuz bergan bo‘lishi mumkin”, deydi vazir o‘rinbosari.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘iroq tumani Jasliq qo‘rg‘onida joylashgan qamoqxona 1999 yilda ro‘y bergan 16 fevral voqealaridan keyin tashkil etilgan. Bu yerda asosan og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etgan mahbuslar saqlangan.
1100 o‘ringa mo‘ljallangan qamoqxonada ayni vaqtda 395 kishi saqlab kelinmoqda. Ularning 10 foizini diniy ekstremistlar tashkil etadi. Xo‘sh, ularning taqdiri nima bo‘ladi? Vazir o‘rinbosari bu savolga quyidagicha javob bergan:
“Bizda ajratish bo‘lmaydi. Ular qanday jinoyat sodir etganidan qat’i nazar, bir oy muddat ichida qamalgunga qadar yashash joyiga yaqinroq bo‘lgan joyga o‘tkaziladi. Ammo faqat sud tomonidan belgilangan rejim bo‘yicha. Hamma narsa inobatga olinadi, yashash joyi ham, boshqasi ham. Bu o‘rinda diniy ekstremizm yoki boshqa jihatlar inobatga olinmaydi”.
Jasliq xalq tilida “borsa kelmas” deya nom olgan. Xalqaro kuzatuvchilar, inson huquqlari faollari O‘zbekistondagi bu qamoqxonaga kirgan mahbus qaytib chiqishi amri mahol ekanini aytadi. Unda eng uzoq muddat o‘tagan mahbus kim? Bu haqdagi savolga vazir o‘rinbosari shunday dedi:
“Qonunan gapiradigan bo‘lsak, jazoni ijro etish tizimi uni qancha o‘tashni belgilamaydi. Bunday qaror sud tomonidan qabul qilinadi va o‘sha muddat jazoni ijro etish muassasida o‘taladi. Qonunchilikda belgilangan tartibda. Jasliqda eng ko‘p muddat o‘tagan mahbus haqida hech qanday ma’lumot bera olmayman. Hozir menda bunday ma’lumot yo‘q”.
Prezident qaroriga muvofiq, Jasliqdagi qamoqxonada saqlanayotgan mahbuslar bir oy muddat ichida qarindoshlariga yaqin bo‘lgan hududlardagi jazoni ijro etish koloniyalariga ko‘chiriladilar.
LiveBarchasi