Inson huquqlarini himoya qilish vaqtinchalik kampaniyami? Mirziyoyev aniqlik kiritdi
Jamiyat
−
01 Sentabr 2019
6145Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 31 avgust kuni “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida bo‘lib o‘tgan mamlakat mustaqilligining yigirma sakkiz yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda ishtirok etib, nutq so‘zladi.
Davlat rahbari o‘z so‘zida mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar, xususan mahbuslarni afv etish, Jasliq koloniyasini tugatish kabi ishlar shunchaki kampaniya emas, balki davlat siyosati darajasidagi uzluksiz jarayon ekanini qayd etdi.
“O‘zbekiston inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash bo‘yicha mustaqil siyosatini qat’iy davom ettirmoqda va bu siyosat xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilmoqda.
Mamlakatimizda mahbuslarni afv etish instituti joriy etildi. Keyingi uch yilda yetti marta afv e’lon qilindi. Natijada qilmishidan chin dildan pushaymon bo‘lib, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 4 mingga yaqin mahbus jazoni o‘tash joylaridan ozod etildi.
Kuni kecha afv etish haqidagi yana bir farmonga imzo chekdim. Unga ko‘ra jazo muddatini o‘tayotgan 65 nafar fuqaro afv etildi.
Tasavvur qiling, o‘z uyiga, yaqinlari bag‘riga qaytayotgan bu insonlarning, ularning ota-onasi, farzandlarining quvonchi, xursandchiligini “oynai jahon” orqali ko‘rgan odam, bu haqiqatan ham ezgu va savobli ish ekaniga yana bir bor ishonch hosil qiladi”, dedi Prezident.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti o‘z chiqishlarida bag‘rikeng, kechirimli, odamlarga adolatli bo‘lish, ma’rifat va ma’naviyat ulashish haqida ko‘p gapiradi.
Bu yil ushbu bag‘rikenglik o‘z natijasini yana bir bor ko‘rsatdi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning maxsus topshirig‘i bilan Suriyaning Damashq shahriga uchgan samolyot Yaqin Sharq hududidagi qurolli to‘qnashuvlar hudida yashab kelayotgan 156 nafar o‘zbekni jonajon Vataniga qaytardi.
“Bugungi kunda O‘zbekiston o‘z fuqarolarining huquq va manfaatlarini, ular qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, himoya qilishga qodir mamlakat sifatida o‘zini namoyon etmoqda.
Chet ellarda ishlayotgan va ta’lim olayotgan vatandoshlarimiz bilan aloqalar mustahkamlanib, ularning huquq va manfaatlari ta’minlanmoqda. O‘zbekistonga qaytib, ish yoki o‘qish faoliyatini davom ettirish istagida bo‘lgan fuqarolarimiz uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda.
Bu yil 156 nafar vatandoshimiz – asosan ayollar va bolalar jangovar harakatlar davom etayotgan Suriyadan qaytarib olib kelindi va ularning fuqarolik huquqlari tiklandi.
Albatta, kechirimli, mehr-oqibatli bo‘lish xalqqa ham, Xudoga ham manzur bo‘ladi. Mana shunday ezgu fazilatlar bizning bag‘rikeng xalqimizni yanada ulug‘laydi”, deydi Mirziyoyev.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 2 avgust kuni imzolagan “Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 19-son ixtisoslashtirilgan Jazoni ijro etish koloniyasini tugatish to‘g‘risida”gi qarori bilan xalq tilida borsa-kelmas deb nom olgan, jahon hamjamiyatida O‘zbekistonning yuzidagi dog‘, inson huquqlari toptaluvchi qamoqxona deb qoralanib kelingan Jasliq koloniyasi tugatildi. Xo‘sh, bu jahon e’tiborini tortish, olqish olish uchun kampaniyamidi? Yo‘q, bu O‘zbekistonning inson huquqlarini ta’minlash borasida navbatdagi katta qadami. Prezident nutqida bunga ham to‘xtalib o‘tdi.
“Mustaqillik bayrami arafasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jasliq qo‘rg‘onidagi jazoni ijro etish koloniyasi yopilgani insonparvar siyosatning yana bir ifodasi bo‘ldi.
Bu tarixiy qadam mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini himoya qilish vaqtinchalik kampaniya emas, balki davlat siyosati darajasidagi uzluksiz jarayon ekanini ko‘rsatadi”.
LiveBarchasi