“Jarlikdan chekinishning ayni vaqti”. Guterrish Putinning qarorini qoralab chiqdi

Olam

image

Rossiya Federatsiyasining bosib olingan Ukraina hududlarini anneksiya qilish haqidagi har qanday qarori noqonuniy hisoblanadi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish shunday fikr bildirdi.

“Ukrainaning Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporoje viloyatlarini anneksiya qilish bo‘yicha har qanday qaror bekor bo‘ladi va qoralashga arziydi”, deydi Guterrish.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning bunday qarori xalqaro huquq qoidalariga to‘g‘ri kelmaydi va xavfli eskalatsiyani keltirib chiqaradi. 

“(Bunday qarorga) zamonaviy dunyoda o‘rin yo‘q va qabul qilib bo‘lmaydi”, deya qo‘shimcha qildi BMT rahbari.

Unga ko‘ra, Kreml Moskvada Ukraina viloyatlari – Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporojeni anneksiya qilish jarayonini boshlaydigan marosim bo‘lib o‘tishini ma’lum qildi. Guterrish bu vaziyatda BMT Nizomini himoya qilish uning Bosh kotib sifatidagi burchi ekanligiga ishonchi komil.

“BMT Nizomida esa kuch ishlatish bilan tahdid qilish yoki kuch ishlatish yo‘li bilan bir davlat hududini boshqa davlatga qo‘shib olish BMT Nizomi va xalqaro huquq tamoyillarini buzishi aniq qayd etilgan”, deydi Guterrish.

Uning qayd etishicha, Birlashgan Millatlar Tashkilotining pozitsiyasi aniq, BMT tomonidan qabul qilingan rezolyutsiyalarga mos keladi va Ukrainaning xalqaro miqyosda tan olingan chegaralari doirasidagi suvereniteti, birligi, mustaqilligi va hududiy yaxlitligiga sodiqdir.

“Ta’kidlamoqchimanki, “referendum” deb atalmish hodisa ishg‘ol qilingan, faol qurolli to‘qnashuv davom etayotgan hududlarda, Ukrainaning qonuniy va konstitutsiyaviy nazoratidan tashqarida, Rossiya bosib olgan hududlarda bo‘lib o‘tdi. Ular aholining haqiqiy irodasini aks ettira olmaydi”, deydi Bosh kotib.

BMT rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning anneksiya bo‘yicha har qanday qarori “tinchlik istiqbollarini yanada buzadi” va global iqtisodiyot, ayniqsa, rivojlanayotgan mamlakatlar uchun salbiy oqibatlarni kuchaytiradi. Bunday qaror, BMTning Ukraina va undan tashqarida yordam yetkazishiga to‘sqinlik qiladi.

“Hozir jarlikdan chekinishning ayni vaqti”, deydi Guterrish.

Uning ta’kidlashicha, bugungi kunda “bu bema’ni va buzg‘unchi urush”ni tugatish, BMT Nizomi va xalqaro huquqni himoya qilish uchun sa’y-harakatlarni birlashtirish har qachongidan ham muhim.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 30 sentyabr kuni Putin Ukrainaning Donbass mintaqasidagi tan olinmagan Donetsk va Lugansk xalq respublikalari hamda Xerson va Zaporoje viloyatlarini Rossiyaga qo‘shib olish haqidagi shartnomalarni imzolashi kutilyapti.


Maqola muallifi

Teglar

Antoniu Guterrish

Baholaganlar

104

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing