Jarqo‘rg‘onda sudyalar hokim va IIB boshlig‘i rahbarligida obro‘sizlantirilib, sud xodimi do‘pposlandi

Jamiyat

image

Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanida sudyalar omma oldida obro‘sizlantirildi va sud xodimi kaltaklandi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Joriy yilning 10 iyul kuni soat 8:30 larda Jinoyat ishlari bo‘yicha Jarqo‘rg‘on tumani sudining raisi Ya.Bekkamov hamda haydovchi R.Rahimnazarov shu sudga biriktirilgan Nexia-3 rusumli davlat raqami 530 YAA xizmat avtotransport vositasida, Jarqo‘rg‘on tumani ma’muriy sudining raisi X.Rahimova hamda haydovchisi shu sudga biriktirilgan Nexia-3 rusumli davlat raqami 307 VAA xizmat avtotransport vositasida tuman sudi binosi tomon harakatlanib kelayotganida tuman markaziga kiraverishda blok postda ular to‘xtatilgan va postdan o‘tkazilmagan.

Shu vaqtda postda bo‘lgan tuman hokimi Z.Davlatov boshchiligidagi ishchi guruh Vazirlar Mahkamasining maxsus komissiyasi qaroriga zid ravishda, tuman sudi xizmat avtomashinalarini postdan o‘tkazmay, xizmat avtomashinasi daxlsizligini buzib, ishga borishga imkoniyat bermay, yo‘ldan o‘tishga to‘sqinlik qilib, ishchi guruh a’zolaridan bittasi xizmat avtomashinasining orqa o‘ng eshigini ochib qo‘lidagi uyali aloqa telefoni bilan tasvirga tushirib, postdan o‘tish uchun navbat kutib turgan tirband fuqarolar oldida sudya va sud xodimlarini obro‘sizlantirishga uringan.

Ularga qo‘pollik qilib, tuman sudining haydovchisi R.Rahimnazarovni (o‘zining bildirgisidan) yo‘l patrul xizmati xodimi R.Raimov bilagidan tortib, IIB boshlig‘i B.Xidirov va o‘rinbosari Sh.Azizberdiyev avtomashina kalitini olib qo‘yib, uni avtomashinada o‘tirgan joyidan kuch ishlatib tortib, egnidagi ko‘ylagini old ko‘krak qismini yirtib, sud xodimini tuman IIB binosiga olib kelib, IIB boshlig‘i o‘rinbosari Sh.Azizberdiyev sud xodimini haqoratlab, bo‘ynidan bo‘g‘ib, shaxsiy telefon apparatini tortib olib, so‘ngra vaqtincha ushlab turish hibsxonasiga qamab qo‘ygan.

10 iyuldagi 442-sonli sud-tibbiy tekshiruvi dalolatnomasiga ko‘ra, R.Rahimnazarovning badanida qontalash va shilinma aniqlangan. R.Rahimnazarovning badanida ko‘krak qafasi o‘ng tomoni, bo‘yin orqa o‘ng tomoni, o‘ng ko‘krak sohasida qontalashlar va o‘ng qo‘l tirsak tashqi yuzasida shilinmalar mavjudligi, uning ko‘krak qafasi o‘ng tomoni, bo‘yin orqa o‘ng tomoni, o‘ng ko‘krak sohasidagi qontalashlari va o‘ng qo‘l tirsak tashqi yuzasidagi shilinmalari o‘tmas qattiq jismlarning bir-necha martabalik zarb va ishqalanish mexanizmlari ta’sirida yetkazilganligi, og‘irlik darajasiga ko‘ra yengil tan jarohatlari, deb baholangan.

Yuqoridagilarni inobatga olib, voqea joyida bevosita ishchi guruhiga rahbarlik qilgan Jarqo‘rg‘on tumani hokimi Z.Davlatov, tuman IIB boshlig‘i B.Xidirov, o‘rinbosari Sh.Azizberdiyev va boshqa aloqador xodimlarga nisbatan sud xodimiga qasddan yengil tan jarohati yetkazish, sudya va sud xodimlarini obro‘sizlantirish, sudyaning xizmat avtomashinasi daxlsizligini buzish va boshqa holatlarga qonuniy baho berish uchun to‘plangan hujjatlar Surxondaryo viloyati prokuraturasiga yuborilgan.

Respublika maxsus komissiyasining 2020 yil 9 iyuldagi qarorida harakatlanish uchun maxsus ruxsatnomalar talab etilmaydigan xizmat avtotransport vositalari ro‘yxati ma’lum qilindi. Bu ro‘yxatga sud tizimi ham kiritilgan.

Avvalroq, IIVning “bosar-tusarini bilmagan deputat” nomli videolavhasi jamoatchilik orasida jiddiy muhokamaga sabab bo‘lgandi. Unda xalq deputatlari Namangan shahar kengashi deputati Tolib Muhammadiyev va Namangan shahriga kiraverishdagi “Qizilko‘prik” postida turadigan Ichki ishlar, Milliy gvardiya xodimlari janjali aks etgandi. Ichki ishlar xodimlari deputatni qonunga bo‘ysunmaslikda ayblagandi.


Maqola muallifi

Teglar

karantin Jarqo'rg'on

Baholaganlar

803

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing