Haydovchilar diqqatiga. Jarima ballari qanday hisoblanadi, qancha to‘lanadi?

Jamiyat

Joriy yilning 1 dekabridan boshlab haydovchilarga jarima ballarini hisoblash tizimi test rejimida ishga tushirildi. Ammo ko‘p o‘tmay bu test rejimi tugaydi va haydovchilarning hayotiga yana bir “soqqa undirish” tizimi kirib keladi.

Jarima ballarini hisoblash tizimiga ko‘ra, endilikda yo‘l harakati ishtirokchilarining qoidabuzarliklari avtomatik tarzda dasturiy ta’minotda qayd etib boriladi va qoidabuzarlik uchun haydovchining “kundaligiga” ball qo‘yiladi. Biroq bu ballning yaxshigina tovoni bor.

"Bazaviy hisoblash miqdoriga qarab jarima ballarimiz belgilangan. Bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravariga 0,5 ball beriladi va shunga qarab turib ballarimiz ortib boradi. Jarima ballari haydovchining bir yil davomidagi birinchi sodir etgan huquqbuzarligidan boshlab hisoblanadi va kelasi yil shu davrga qadar davom etadi.  Shuningdek, jarima ballarimiz loyihasida rag‘batlantirish tizimlari ham mavjud. Unga ko‘ra, yil davomida umuman huquqbuzarlik sodir etmagan haydovchida birinchi marta huqubuzarlik holati yeuzatilsa, ushbu jarima ball hisoblanmaydi. Bundan tashqari, haydovchi 6 oydan oshiq vaqt davomida umuman huquqbuzarlik sodir etmasa, uning avvalgi jarima ballaridan 2 ball ayrib tashlanadi", dedi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati bo‘lim boshlig‘i podpolkovnik Ilhom Idirov.

" Jarima ballarini hisoblash O‘zbekistonga nima uchun yeyerak?" degan savolimizga mas’ullar “yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash uchun, haydovchilarning sergakligini oshirish, yo‘l transport hodisalarining oldini olish uchun”, deya baralla javob qaytarishdi.

Biroq e’tiboringizga g‘alati paradoksni keltirmoqchimiz. Aslida O‘zbekistondagi yo‘l transport hodisalarining katta ulushi yo‘l infratuzilmasining yaxshi tashkil etilmaganiga to‘g‘ri keladi.

“2022 yilda sodir bo‘lgan 7636 ta yo‘l transport hodisasidan 3 980 tasi ya’ni 52% yo‘l infratuzilmasi to‘g‘ri tashkil etilmaganligi sabab yuzaga kelgan. Ularni ham tahlil qiladigan bo‘lsak, ularning:

a) 1168 tasi ya’ni (15,5%) piyodalar o‘tish joyi tashkil etilmaganidan;
b) 641 tasi (8,4%) veloyo‘laklar tashkil etilmaganidan;
d)  619 tasi (8,1%) yo‘lni ikkiga ajratuvchi to‘siqlar o‘rnatilmagan uchun;
e) 435 tasi  yo‘llar yaxshi yoritilmaganidan;
f) 481 tasida (6,3%) piyodalarning harakatini ta’qiqlovchi to‘siqlarning mavjud emasligidan; 
g) 344 ta (5%) YTH yo‘llarning torligi sabab kelib chiqqan;”, dedi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, IIV Jamoat xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i Bekmurod Abdullayev

Xo‘sh, avariyalarning asosiy sabablari, yo‘l infratuzilmasining noto‘g‘riligi, yo‘llarning yaxshi yoritilmagani va boshqa bir qancha sabablarga bog‘liq ekan, nega Ichki ishlar vazirligi, YHXX muammoga boshidan emas oyog‘idan boshlab yechim topmoqchi? Yoki buning sababi yana o‘sha jarima undirish, cho‘ntakni qappaytirishmi?
 


Maqola muallifi

Teglar

Jarima ballari Haydovchilar diqqatiga

Baholaganlar

740

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar