O‘yindan o‘t chiqdi! O‘quvchilarga noma’lum shaxslar konfet tarqatyaptimi?
3-sahifa
−
26 mart
49863Ijtimoiy tarmoqlarda maktabda o‘quvchilarga noma’lum tarkibdagi konfet tarqatilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Bolalar ombudsmani mazkur holat yuzasidan munosabat bildirdi.
IIV tomonidan aniqlanishicha, Andijon viloyati Oltinko‘l tumanidagi umumta’lim maktabining 3-sinf o‘quvchisi X.M. mazkur hududda joylashgan savdo do‘konidan ming so‘mga 3 dona Strawberry nomli konfetni sotib olgan. So‘ng, maktabga borgan vaqtida sinfdoshi O.A. undan shirinlikni qayerdan olganini so‘raganda, unga go‘yoki notanish shaxs berib ketganini o‘ylab topib, yolg‘on aytgan.
Maktab hamshirasi O.A. bolaning gapidan xulosa qilib, ijtimoiy tarmoqlarga maktab atrofida Strawberry nomli shubhali konfetni maktab o‘quvchilariga noma’lum shaxslar bergani haqidagi haqqoniy bo‘lmagan xabarni tarqatgan. Shuningdek, konfet iste’moli oqibatida bola nobud bo‘lgani to‘g‘risidagi xabar ham mutlaqo haqiqatga zid.
Bildirilishicha, hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda. Konfetning tarkibida inson sog‘lig‘iga zararli moddalar bor yoki yo‘qligini aniqlash maqsadida sud-kimyoviy ekspertiza tayinlangan.
Shuningdek, Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi Andijon viloyati boshqarmasi holat yuzasidan munosabat bildirgan. Unga ko‘ra, hozirgi kungacha maktablar atrofida aynan shu video xabarda tilga olingan konfet mahsulotlari sotilayotgani haqida boshqarma va tuman bo‘limlariga murojaatlar kelib tushmagan. Viloyatdagi do‘konlar va savdo shoxobchalarida mutaxassislar tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Hozircha video xabarda ko‘rsatilgan turdagi konfet mahsulotlari savdosi aniqlanmagan. Shuningdek, maktablar oldida ham bunday mahsulotlar sotilmayotgani ma’lum qilinadi.
“Ota-onalarga murojaat qilgan holda shuni eslatib o‘tamiz: mahsulot xarid qilayotganingizda uning qadoq holati, ishlab chiqarilgan sanasi, ishlab chiqaruvchi korxona nomi va tarkibiga alohida e’tibor qaratishingizni so‘raymiz. Farzandingizga ham shunday tartibda mahsulot tanlashni o‘rgatish lozim. Sanepidqo‘mita mutaxassislari tomonidan o‘rganish ishlari doimiy ravishda davom ettirilmoqda. Shuningdek, yolg‘on ma’lumot tarqatish O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishini eslatib o‘tamiz”, deyiladi munosabatda.
Bildirilishicha, Bolalar ombudsmani holat yuzasidan o‘z kuzatuvini davom ettirmoqda. Bu borada qo‘shimcha axborot beriladi.
LiveBarchasi