Rasman: O‘zbekistonda Ramazon hayiti qachon nishonlanishi e’lon qilindi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda 2025 yil 30 mart kuni Ramazon hayiti bayrami sifatida keng nishonlanadi. Bu O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining bugun, 26 mart kuni qabul qilingan tegishli qarorida belgilangan.

Qarorga ko‘ra, joriy yilda Ramazon hayitining birinchi kuni 30 mart – yakshanba kuniga to‘g‘ri kelishi haqidagi O‘zbekiston musulmonlari idorasining axboroti ma’lumot uchun qabul qilinib, mamlakatda 2025 yil 30 mart kuni Ramazon hayiti bayrami sifatida keng nishonlanishi belgilangan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 208-moddasiga muvofiq:

  • ishlanmaydigan bayram kuni hisoblanuvchi Ramazon hayitining birinchi kuni 2025 yilda yakshanba – dam olish kuniga to‘g‘ri kelishi munosabati bilan ushbu dam olish kuni 31 mart – dushanba kuniga ko‘chirilishi;
  • bunda ishlab chiqarish-texnik va tashkiliy sharoitlar (mavjud uzluksiz ishlab chiqarish, aholiga har kuni xizmat ko‘rsatish, navbatchilik asosida ishlash va boshqalar) tufayli ishlanmaydigan bayram kunlari to‘xtatib qo‘yish mumkin bo‘lmagan ishlarni bajarishda dam olish kunlari ko‘chirilmasligi ma’lumot uchun qabul qilingan.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda hududlarda Ramazon hayitini o‘zbek xalqining milliy an’ana va urf-odatlariga uyg‘un holda o‘tkazish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirishi belgilangan.

Turizm qo‘mitasi Transport vazirligi bilan birgalikda o‘zbekistonliklar uchun Ramazon hayiti kunlarida mo‘’tabar ziyoratgohlar va tarixiy qadamjolarga ziyoratlarni tashkil etish maqsadida qulay sharoit va imkoniyatlar yaratishi topshirilgan. 

O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Ramazon hayitini nishonlash bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilgan. 

Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Ruslanbek Davletov zimmasiga yuklangan. 

Eslatib o‘tamiz, oldinroq TojikistonQirg‘iziston, Qozog‘iston va Saudiya Arabistonida ham Hayit ayyomi 30 martda nishonlanishi xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Ramazon hayiti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing