Japarov Yaponiya Imperatori bilan uchrashdi
Olam
−
17 noyabr 2023
4461Bugun, 17 noyabr kuni Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Yaponiya poytaxtiga rasmiy tashrifi doirasida Imperator Naruxito va rafiqasi Masako bilan uchrashdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, imperator oilasi Qirg‘iziston Prezidenti va birinchi xonimini qutlar ekan, Sadir Japarovning Yaponiyaga tashrifi Qirg‘iziston-Yaponiya munosabatlariga ijobiy ta’sir qilishiga umid bildirgan.
O‘z navbatida, Sadir Japarov mehmondo‘stlik uchun rahmat aytib, Yaponiya o‘zining boy tarixiy an’analari va qadimiy madaniyati bilan Qirg‘iziston uchun do‘st mamlakat ekanini ta’kidlagan.
Qirg‘iziston Prezidenti imperatorga chuqur hurmat-ehtirom izhor etib, unga “REYVA”ning yangi davrida ham farovonlik va muvaffaqiyat tiladi.
Keyin Prezident Sadir Japarov va uning rafiqasi Oygul Japarova sharafiga imperator Naruxito va uning rafiqasi Masako nomidan ziyofat uyushtirilgan.
Qayd etish joizki, Yaponiya oxirgi paytlarda Markaziy Osiyo davlatlari – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston bilan munosabatlarni rivojlantirishga katta e’tibor qaratmoqda. 2022 yil dekabr oyi boshida Yaponiya poytaxtida mintaqa davlatlarining hokimiyat va biznes vakillari ishtirokida Markaziy Osiyo investitsiya forumi (Central Asia Investment Forum 2022) bo‘lib o‘tgan.
Yaponiya nashrlari Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisida Vazirlar Mahkamasiga kelasi yildan boshlab Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari bilan sammitlar formatini yo‘lga qo‘yish ustida ishlashni topshirmoqchiligi haqida yozgan. Aytilishicha, Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha ish olib borayotgan hukmron Liberal-demokratik partiyasi deputatlar guruhi rahbari, sobiq bosh vazir Taro Aso Kisidaga bunday sammitlarni muntazam o‘tkazishni taklif qilgan.
Eslatib o‘tamiz, sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining sessiyasi doirasida Yaponiya va Qozog‘iston kelasi yili Markaziy Osiyo – Yaponiya formatida sammit o‘tkazish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib olgandi.
LiveBarchasi