Japarov va Rahmon Bishkekda chegara shartnomasini imzolashi kutilmoqda
Olam
−
11 mart
1661Qirg‘iziston va Tojikiston Prezidentlari Sadir Japarov va Imomali Rahmon Bishkekda bo‘lib o‘tadigan uchrashuvda chegara shartnomasini imzolash niyatida. Bu haqda jurnalistlarga Qirg‘iziston Prezidenti ma’muriyati tashqi siyosat bo‘limi boshlig‘i Muratbek Azimbakiyev ma’lum qildi.
“Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmonning qo‘shma bayonotini qabul qilish, Qirg‘iziston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi o‘rtasida davlat chegarasi to‘g‘risidagi bitim va boshqa ikki tomonlama hujjatlarni imzolash rejalashtirilgan”, dedi u Tojikiston Prezidentining 12-13 mart kunlari Bishkekka davlat tashrifini sharhlar ekan.
Azimbakiyevning so‘zlariga ko‘ra, tashrif davomida Tojikiston Prezidenti Qirg‘iziston parlamenti spikeri Nurlanbek Turg‘unbek uulu va Qirg‘iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi raisi Adilbek Qosimaliyev bilan ham uchrashuvlar o‘tkazadi.
Ma’lumot uchun, 21 fevral kuni Bishkekda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi, Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari Qamchibek Tashiyev va Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Saymo‘min Yatimov chegaraning umumiy uchastkasini delimitatsiya qilish to‘g‘risidagi protokolni imzolagan. Shu bilan birga, Qirg‘iziston fikricha, tomonlar o‘zaro teng bahsli hududlarni almashgan.
Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi chegaraning uzunligi qariyb 980 km. 2002 yil dekabr oyidan boshlab uni delimitatsiya qilish (davlat chegarasini uning yo‘nalishini tavsiflash va xaritada belgilash) bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda. Ushbu muammoning hal qilinmagani ikki respublikaning mahalliy aholisi va harbiy xizmatchilari o‘rtasida bir necha bor nizolar, jumladan, o‘qotar qurollardan foydalanishga sabab bo‘lgan. Ularning oxirgisi 2022 yil kuzining boshida sodir bo‘lgan. Umuman olganda, 2014 yildan buyon qirg‘iz-tojik chegarasida 10 dan ortiq jiddiy mojaro sodir bo‘lgan.
Qirg‘iziston Xitoy, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Tojikiston bilan chegaradosh. Tojikiston Qirg‘iziston haligacha barcha chegara masalalarini hal eta olmagan oxirgi qo‘shni davlat bo‘lib qolayotgandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasidagi Tort-Ko‘cho hududiga neytral maqom berilgandi.
LiveBarchasi