Japarov Tramp va Starmerdan iqtisodiyotni siyosiylashtirmaslikni so‘radi

Olam

image

Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov AQSH va Buyuk Britaniya tomonidan Qirg‘izistonning davlat banklariga qarshi kiritilgan sanksiyalarni izohlab, ularni mamlakat iqtisodiy o‘sishi bilan bog‘ladi. Bu haqda u “Kabar” nashriga bergan intervyusida so‘z ochdi.

Buyuk Britaniya Qirg‘izistonning “Kapital Bank”iga qarshi sanksiya joriy qilgan bo‘lib, bunga sabab sifatida ushbu bank G‘arbning Rossiyaga joriy qilgan sanksiyalarini aylanib o‘tishda yordam berishi mumkinligi ko‘rsatilgan. Joriy yilning yanvar oyida esa AQSH Qirg‘izistonning “Keremet Bank”iga nisbatan xuddi shunday choralar ko‘rgan.

Japarovning aytishicha, AQSH ham, Britaniya ham bu banklarning sanksiyalarni buzganiga oid hech qanday dalil keltira olmagan, chunki bunday faktlar yo‘q. Unga ko‘ra, Qirg‘izistonda 21 ta bank faoliyat yuritadi va sanksiya xavfini kamaytirish uchun faqat davlatga qarashli “Keremet Bank”ga rubl bilan ishlash huquqi berilgan. Barcha operatsiyalar davlat nazoratidan o‘tadi va foyda to‘liq byudjetga yo‘naltiriladi. “Kapital Bank” ham sof daromadini to‘liq davlat xazinasiga o‘tkazadi.

Japarovning fikricha, bu sanksiyalar ortida “ichki dushmanlar” va ayrim NNTlarning noto‘g‘ri ma’lumotlari bor.

“Rossiyada bizdan qariyb bir million migrant bor, ular har kuni bu yerga milliardlab rubl yuboradi. Bu mablag‘larni konvertatsiya qilish va odamlar ulardan foydalanish imkoniga ega bo‘lishi kerak”, deydi Qirg‘iziston Prezidenti.

U, shuningdek, Qirg‘iziston iqtisodiyoti tez sur’atlarda o‘sayotgani g‘arb uchun yoqmayotganini aytgan. Masalan, mamlakat YAIM 11,7 foizga oshgan va bu ko‘rsatkich MDH davlatlari orasida yetakchi hisoblanadi.

“O‘ylaymanki, aynan shu sababdan bizga bosim o‘tkazilmoqda. Katta davlatlar boshqa mamlakatlarning tez rivojlanishini istamaydi. Ular hammaning o‘zlariga qarab, ularga qaram bo‘lib turishini afzal ko‘radi”, deydi Japarov.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Qirg‘iziston Angliyaga yiliga bir milliard dollarlik oltin eksport qiladi. Shu sababli, Japarov AQSH Prezidenti Donald Tramp va Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmerga murojaat qilib, iqtisodiyotni siyosatlashtirmaslikni, agar shubhalar bo‘lsa, dalillarni ochiq taqdim etishni so‘ragan.

“Iqtisodiyotni siyosatlashtirish kerak emas. Biz ko‘p yo‘nalishli siyosat yuritamiz, iqtisodiy sohada siz bilan ham hamkorlik qilamiz. Masalan, faqat Angliyaga biz har yili bir milliard dollarlik oltin sotamiz. Bunday holda bizga nisbatan bunday munosabatni adolatli deb bo‘lmaydi. Shuning uchun agar ishonmasangiz, o‘z ma’lumotlaringizni taqdim eting. Bank barcha ma’lumotlarni ochiq taqdim etishga tayyor”, deydi Japarov.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buyuk Britaniya Rossiyaga qarshi sanksiyalar doirasida “qora ro‘yxatga” yana uch jismoniy shaxs va beshta tashkilotni qo‘shgani xabar qilingandi. Ro‘yxatga Rossiya va Qirg‘izistonda ro‘yxatdan o‘tgan Grinex kriptobirjasi, Qirg‘izistonning “Kapital Bank”i, Bishkekdagi “TengriCoin” va “Old Vektor” kompaniyalari kiritilgan. Jismoniy shaxslar orasida A7A5 rahbari Leonid Shumakov, Qirg‘iziston Adliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, OAO “Torgovaya kompaniya KR” rahbari bo‘lgan Janishbek o‘g‘li Nazarbek, shuningdek, “Kapital Bank” boshqaruvi raisi Kantemir Chalbayev bor.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Qirg'iziston Sadir Japarov Kir Starmer

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing