Japarov Tojikiston masalasida gaplashish uchun Lukashenkoga sim qoqdi
Olam
−
22 Sentabr 2022
5220Bugun, 22 sentyabr kuni Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko bilan telefon orqali muloqot qildi.
Ular Qirg‘iziston-Belarus ikki tomonlama va ko‘p tomonlama hamkorligining ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qilgan.
Qirg‘iziston-Tojikiston davlat chegarasidagi vaziyat yuzasidan ham fikr almashilgan.
Sadir Japarov va Aleksandr Lukashenko o‘zaro manfaatli sohalarda samarali hamkorlikni davom ettirishga kelishib olgani aytilmoqda.
Qayd etilishicha, suhbat Qirg‘iziston tomonining tashabbusi bilan bo‘lib o‘tgan.
Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasida mojaro
Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi chegaradagi vaziyat 14 sentyabr kuni Botken viloyatidagi uchta uchastkada chegarachilar o‘rtasida otishma boshlanganidan keyin keskinlashdi. Tomonlar bir necha bor o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishib olganiga qaramay, kelishuvlar har safar muvaffaqiyatsizlikka uchradi.
Qirg‘iziston rasmiylari Tojikistonni chegaraga og‘ir harbiy texnikani tortib kelishda va Qirg‘iziston hududini o‘qqa tutishda “barcha mavjud arsenaldan” foydalanganlikda aybladi. Mamlakat Favqulodda vaziyatlar vazirligi to‘qnashuv zonasidan 136 ming kishi evakuatsiya qilingani, Botken viloyatida favqulodda holat rejimi joriy etilganini haqida ma’lum qildi.
Ayni paytda Tojikiston qirg‘iz kuchlarini Tojikiston chegarasidagi qator aholi punktlarini “og‘ir qurollardan” o‘qqa tutishda aybladi. Hozirda ikki davlat o‘t ochishni to‘xtatish va qo‘shinlarni chegara hududidan olib chiqish bo‘yicha kelishuvlarga amal qilmoqda. To‘qnashuvlarni yakunlash uchun Qirg‘iziston va Tojikiston maxsus xizmatlari rahbarlari protokol imzoladi. Hujjat uchta bandni o‘z ichiga olgan.
Ikki davlat chegarasida 70 ga yaqin bahsli uchastkada belgi qo‘yilmagani sababli muntazam ravishda mojarolar chiqib turadi. Umuman olganda, 2022 yil iyul oyi holatiga ko‘ra, mamlakat chegaralarining 972 kilometridan 600 kilometrga yaqini kelishilgan.
LiveBarchasi