Japarov so‘zidan qaytdi. Qonun parlamentdan chaqirib olinyapti
Olam
−
14 mart
11959Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov jurnalistlar va huquq faollari tanqidiga uchragan Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi qonun loyihasini parlamentdan chaqirib olishga qaror qildi. Bu haqda Qirg‘iziston davlat rahbari matbuot kotibi Askat Alag‘ozov ma’lum qildi.
“Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning topshirig‘iga ko‘ra OAV to‘g‘risidagi qonun loyihasi qaytarib olindi”, deb yozdi u o‘zining Facebook’dagi sahifasida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bir necha kun avval Japarov Bishkekda ommaviy axborot vositalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazgan, unda muhokama qilingan masalalardan biri Jogorku Keneshda ko‘rib chiqilayotgan “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi Qirg‘iziston Respublikasi qonuni loyihasi bo‘lgan.
“Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha OAV vakillarining axborotini eshitib, ushbu qonun loyihasi bo‘yicha ulardan tushgan takliflarni inobatga olgan holda Prezident Sadir Japarov mazkur qonun loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berdi”, deb ishontirdi Alag‘ozov.
Qirg‘iziston rahbari bir yildan sal muqaddam OAVga tegishli qonun loyihasini parlamentga yuborgan. Unda aks ettirilgan qoidalar ko‘plab ommaviy axborot vositalari, shuningdek, inson huquqlari va jamoat tashkilotlarining tanqidiga sabab bo‘ldi, ular loyiha mamlakatda so‘z erkinligini cheklaydi va jurnalistlarga bosimni kuchaytirishni nazarda tutadi. Xususan, “Media siyosati instituti” jamoat fondi o‘z hisobotida mazkur qonun loyihasi respublika konstitutsiyasi hamda Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt normalariga zid ekanligini ko‘rsatdi.
LiveBarchasi