Japarov namoyishchilar oldiga bordi

Olam

image

Bugun, 5 dekabr kuni Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov patent tizimi bekor qilinganidan norozi tadbirkorlar bilan uchrashish uchun Bishkekdagi “Dordoy” bozoriga bordi. Bu haqda “Economist” xabar berdi.

Davlat rahbari savdogarlar oldida qilgan nutqi davomida so‘nggi paytlarda butun mamlakat bo‘ylab avj olgan mitinglar ortida kim turganini bilishini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u bu masalani sinchiklab o‘rgangan, jumladan, tadbirkorlik sub’ektlari vakillari bilan ham, Soliq xizmati xodimlari bilan ham uchrashuvlar o‘tkazgan.

“Men hamma narsani bilaman. Nega hammangiz shovqin-suron qilyapsiz, bu mitinglar ortida kim turibdi, ular qanday manfaatlarni ko‘zlamoqda – hammasini bilaman”, degan Prezident.

Biroq, uning nutqi g‘azablangan tadbirkorlar tomonidan darrov to‘xtatilgan. Savdogarlar davlat rahbari ta’kidlaganidek, ularning ortida kimdir turganini rad etgan. Japarov bunga javoban, miting ishtirokchilaridan ovozini ko‘tarmasdan, baqirmasdan, xotirjam gapirishni so‘ragan. 

Biroz vaqt o‘tgach, Prezident savdo faoliyati uchun patent tizimini bekor qilish kelasi yilning iyuliga ko‘chirilishini ma’lum qilgan. 

“Chunki na tadbirkorlar, na soliq organlarining o‘zi bunga tayyor emas edi”, deydi Japarov.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan haftadan boshlab tadbirkorlar sohani soliqqa tortishdagi o‘zgarishlar – 2024 yil 1 yanvardan patentlarning bekor qilinishi va aksariyat bozorlarning boshqa soliq rejimiga o‘tishiga qarshi norozilik bildira boshlagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston miting Sadir Japarov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing