Japarov quvilganu “qo‘li qonga botgan” mavqedoshlarini Dubayga yig‘di
Olam
−
20 fevral 2023
14720Joriy yilning 18 fevral kuni Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida mamlakatning barcha sobiq prezidentlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda “Akipress” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, mazkur uchrashuvda mamlakatning birinchi prezidenti Asqar Akayev, 2010 yilda Bishkekdan qochgan prezidenti Qurmanbek Bakiyev, 2010 yildagi muvaqqat hukumat raisi va qo‘li qonga botganlikda ayblanadigan Roza Otunboyeva, 2011-2017 yillarda prezident bo‘lgan va lavozimdan ketgach, qamoqqa tashlangan Almazbek Atamboyev va 2020 yilda o‘tkazilgan parlament saylovi ortidan ko‘tarilgan namoyishlarda Hukumatdan ag‘darilgan sobiq prezident Sooronbay Jeenbekov ishtirok etgan.
Xo‘sh, uchrashuvdan asosiy ko‘zlangan maqsad nima edi?
Amaldagi Prezident Sadir Japarovning matbuot kotibi Erbol Sultonboyevga ko‘ra, ushbu uchrashuvdan asosiy maqsad chinakam milliy birlik, qirg‘iz davlati ravnaqi yo‘lida birlashishdir.
“Afsuski, hozir jamoatchilik va ijtimoiy tarmoqlarda avvalgi Prezidentlar, amaldagi hukumat va boshqalar tarafdorlari o‘rtasida muhokama davom etmoqda. Shu munosabat bilan men barcha tomonlarni o‘z kuch va g‘ayratini munosabatlarni ommaviy namoyishga emas, balki Vatanimiz farovonligi yo‘lida bunyod etishga yo‘naltirishga chaqirmoqchiman”, deydi matbuot kotibi.
Shuningdek, u Prezident Japarov uzoq vaqtdan beri davom etayotgan yovuz amaliyotni –mamlakatning barcha keyingi rahbarlari muammolarni o‘zidan avvalgi rahbarlarga bog‘lashini yo‘q qilmoqchi ekanini malum qilgan.
“Prezidentlar uchrashuvining asosiy maqsadi ham shu edi va unda boshqa hech qanday subtekst yo‘q”, deydi Sultonboyev.
Uchrashuv qanday o‘tdi?
“Avvaliga xalq saylagan, oxiri ayanchli bo‘lgan barcha prezidentlarni yig‘ib olsak, bir mushtdek birlashgan yagona xalq bo‘lib qolamiz degan o‘y meni anchadan beri qiynab yurgan. Darhaqiqat, xalq orasida “Sultonning jasadi ranjimas” degan maqol bor. Men nihoyat g‘oyani amalga oshirdim va mamlakatimiz boshida turgan barcha prezidentlarni dasturxon atrofiga to‘pladim”, deydi Sadir Japarov ushbu uchrashuvni sharhlar ekan.
Qayd etilishicha, sobiqlar va amaldagi davlat rahbari ishtirokida bo‘lib o‘tgan uchrashuv to‘rt soatdan ortiq davom etgan.
“Globallashuv davrida ichki barqarorlik va milliy totuvlikka intilayotgan davlatlargina rivojlanib, qudratli davlatlarga aylanib bormoqda. Buyuk imperiyalar barpo etgan, Yevroosiyo makonini egallagan qadimgi qirg‘iz xalqining bugungi ahvoli qanday? Biz tarqoqlik va hokimiyat uchun kurash tufayli sobiq imperiyamizdan ayrilib, Markaziy Osiyoning bir burchagida qolib ketayotganga o‘xshaymiz. O‘zimizni mustaqil davlat deb e’lon qilgan bo‘lsakda, taraqqiyotimizni nima orqaga surmoqda?” deydi Prezident Japarov.
Uchrashuvda mamlakatning amaldagi Prezidenti sobiq prezidentlarning kamchiliklarini, o‘sha davrdagi xatolarni sanab o‘tgan.
“Akayev davrida Aqsi voqealari, Bakiyev davrida aprel voqealari, muvaqqat hukumat davrida iyun fojiasi, Jeenbekov davrida oktyabr voqealari bo‘lib o‘tgan. Afsuski, bu voqealarning barchasi Qirg‘iziston tarixiga qora harflar bilan yozilgan”, deydi Japarov.
Shuningdek, uchrashuvda sobiq Prezidentlar kamchiliklarini tan olib, bir-biridan kechirim so‘ragan.
“Ota-bobolarimizda “otangni o‘ldirganga onangni ber”, degan gap bor. Islom yo‘liga nazar tashlasak, kechira bilish buyuk an’ana ekanini ko‘ramiz. Yana rahmdil bo‘laylik, sabrli bo‘laylik va yo‘limizni davom etaylik. Agar biz suverenitetimizni, mustaqilligimizni mustahkamlab, Qirg‘izistonimizni rivojlantirmoqchi bo‘lsak, o‘tmishdagi barcha noroziliklarni bir chetga surib qo‘yaylik”, deydi davlat rahbari.
Rossiyalik siyosatshunos va Markaziy Osiyo bo‘yicha ekspert Arkadiy Dubnov ushbu uchrashuvga ta’rif berar ekan, Japarovning bu qarori uni tamomila hayratlantirganini aytib o‘tgan.
“Men Markaziy Osiyoda 30 yildan ortiq vaqt davomida shug‘ullanib, yillar davomida turli xil kulgili, qonli, dramatik voqealarga guvoh bo‘ldim va meni nimadir bilan ajablantirish allaqachon qiyin edi. Biroq Qirg‘izistonning oltinchi Prezidenti Sadir Japarov buni uddaladi”, deydi Dubnov.
Xo‘sh, Qirg‘izistonda so‘nggi 30 yildagi prezidentlar qaysi sabablar va qanday ayblovlar bilan lavozimidan ketgan yo ketishga majbur qilingan. Ularning ayrimlarini tarix “qo‘li qonga belangan” deb xotirlashiga sabab nima? Bular haqida muallif Sunnatilla Abdullayevning “O‘xshash taqdirlar: Qirg‘iziston Prezidentlari lavozimidan qanday ketgan?” nomli maqolasida javob topasiz.
LiveBarchasi