Mirziyoyev Dubay Amiri bilan uchrashdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklariga rasmiy tashrifi doirasida bugun, 15 yanvar kuni Dubay shahrida BAA Vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay Amiri Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum bilan muzokara o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

"Uchrashuvda bugun bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar samarali bo‘lgani hamda O‘zbekiston-BAA munosabatlarini strategik sheriklik darajasiga ko‘targani yuqori baholandi. Davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish va boshqaruv kadrlarini tayyorlash kabi sohalarda faol muloqotlar va samarali hamkorlik olib borilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi", deyiladi xabarda.

Bildirilishicha, yuqori texnologiyalar, raqamlashtirish, infratuzilmani rivojlantirish va boshqa istiqbolli yo‘nalishlarda yangi loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishga kelishib olingan. BAAdagi sheriklar bilan O‘zbekistonda sun’iy intellekt sohasida yaqindan hamkorlik qilishdan manfaatdorlik bildirilgan.

Dubayning ilg‘or yechimlarini shaharsozlik sohasiga, jumladan, Yangi Toshkentda zamonaviy infratuzilmani yaratish doirasida joriy etishga alohida e’tibor qaratildi.

"Tomonlar faol muloqotni davom ettirish va amaliy sheriklikning barcha yo‘nalishlarida keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldilar", deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13 yanvar kuni rasmiy tashrif bilan Birlashgan Arab Amirliklariga yetib borgandi. Abu-Dabi xalqaro aeroportida davlat rahbarini Birlashgan Arab Amirliklari vitse-prezidenti Shayx Mansur Ol Nahayon va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi. Ertasi kuni Prezident Birlashgan Arab Amirliklari poytaxtida o‘tayotgan “Abu-Dabi barqaror rivojlanish haftaligi” sammitida nutq so‘zladi. Bungacha u barqaror rivojlanish bo‘yicha Shayx Zoid Ol Nahayon nomidagi nufuzli mukofotning "Global o‘rta maktablar" nominatsiyasida g‘olib deb topilgan Toshkent shahridagi Prezident maktabi vakillari bilan uchrashib, ularni g‘alaba bilan qizg‘in tabrikladi.

14 yanvar kuni Mirziyoyev Abu-Dabi shahriga tashrifning ishbilarmonlik tadbirlari doirasida Birlashgan Arab Amirliklari Sun’iy intellekt vaziri Umar bin Sulton al-Olama, Birlashgan Arab Amirliklari investitsiyalar vaziri, “ADQ” xoldingi bosh ijrochi direktori Muhammad Hasan al-Suvaydiy boshchiligidagi ushbu mamlakat yetakchi kompaniyalari delegatsiyasi bilan uchrashuvlar o‘tkazgandi.

Bugun, 15 yanvar kuni Abu-Dabi shahridagi "Qasr ash-Shati" qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad Ol Nahayon tor doirada hamda rasmiy delegatsiyalar a’zolari ishtirokida muzokara o‘tkazdi. O‘zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasida Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolandi

Shuningdek, Prezident Abu-Dabi shahriga tashrifi doirasida Birlashgan Arab Amirliklari vitse-prezidenti Shayx Mansur Ol Nahayon bilan uchrashuv o‘tkazdi


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Dubay Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum Yangi Toshkent

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing