Japarov Qatarga shaxsiy samolyotda borgani uchun tanqid qilindi
Sport
−
20 dekabr 2022
13879Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Qatar mezbonligidagi Jahon chempionatiga shaxsiy samolyotida uchib borgani uchun tanqid qilindi. Prezident matbuot kotibi Erbol Sultonboyev tanqidlarga javob berdi. Bu haqda "24.kg" axborot agentligi yozmoqda
Sadir Japarov Qatarga Jahon chempionati final o‘yiniga borish uchun shaxsiy samolyotdan foydalangan, biroq Prezident matbuot xizmati Japarovning Qatarga tashrifini “xizmat safari” deya talqin qilgan.
Xabarga ko‘ra, Bishkekdan Dohaga va yana ortga parvoz xarajati 50-60 ming dollarni tashkil qiladi.
Tanqidlarga javoban Prezident matbuot kotibi Facebook'dagi sahifasida xususiy samolyotni sotib olish jarayoni yakunlanayotganini aytdi. Sotib olinayotgan samolyot Bombardier Challenger yoki Embraer Legacy bo‘ladi, deya qo‘shimcha qildi Erbol Sultonboyev.
"Qirg‘iziston ixcham, kichik delegatsiyalar uchun xorijiy davlatlarga tashrif buyurish uchun mo‘ljallangan ushbu samolyotni sotib olishga qaror qildi. Bungacha undagi barcha parvozlar egasi kompaniya bilan kelishilgan holda bepul amalga oshirilgan. Qirg‘iziston tomoni Prezident Japarovning Qatar davlatiga bugungi amaliy safarining ham faqat aviatsiya xarajatlarini o‘z zimmasiga olgan”, deydi Prezident matbuot kotibi.
Ta’kidlanishicha, Prezident matbuot xizmati Sadir Japarovni Dohaga amaliy tashrif bilan jo‘nab ketgani haqida xabar tarqatgan, lekin Qatar matbuoti Japarovni Jahon chempionatiga kelgani va Argentina – Fransiya final o‘yinini tomosha qilgani haqida yozdi.