Japarov “Iyun voqealari” Qirg‘izistonni bo‘lishga qaratilganini aytdi
Olam
−
11 iyun 2022
15697Qirg‘izistonda 2010 yil 11 iyunda sodir bo‘lgan voqealar mamlakatning bo‘linishiga olib kelishi mumkin edi. Bu haqda Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov “Iyun voqealari”ning 12 yilligi bilan yo‘llagan murojaatida aytib o‘tdi.
Japarovning qayd etishicha, 30 yillik mustaqillik davomida qirg‘iz xalqi og‘ir sinovlardan o‘tgan va ulardan biri – 2010 yil iyun oyidagi fojiali voqealar.
“Uch ming yillik boy tarixga ega bo‘lgan ko‘p millatli O‘sh shahrida ham, muborak Jalolobod shahrida ham tashqi buzg‘unchi kuchlar, qolaversa, ayirmachilar ham xalq birligini buzishga urindilar. Bu kuchlar ahil-inoq yashayotgan ikki xalqni bo‘lib, birdamligini buzib, yolg‘on ma’lumotlar tarqatish, jamiyatda millatlararo adovatni qo‘zg‘atish, o‘z manfaatlarini ko‘zlab, davlatimiz kelajagini barbod qilishga urinib, nizo olovini yoqib yubordi”, degan Japarov.
Japarovning qayd etishicha, bu fojiali voqealar Qirg‘izistonning yaxlitligi va birligiga putur yetkazishi mumkin.
“Biroq o‘z tarixida bundan-da qiyin va og‘ir sinovlarni boshidan kechirgan xalqimiz, o‘zining donoligi, saxovatpeshaligi va sabr-toqati bilan adovat alangasini o‘chirdi, o‘z birligi, yurt yaxlitligini saqlab qoldi. Shu tariqa u tinch-osoyishta hayotni tiklash, barqaror taraqqiyot yo‘liga kirishning o‘ziga xos namunasini ko‘rsatdi”, deydi Prezident.
Qirg‘iz xalqi sinovlar soatida yordamga kelganlarni hech qachon unutmaydi, deya qo‘shimcha qilgan Japarov.
“Biz barcha tomonlarga va xalqaro hamjamiyatga ushbu og‘ir kunlarda ko‘rsatgan yordamlari uchun minnatdorlik bildiramiz. Jabrlanganlarga ko‘rsatilgan yordam uchun barcha mamlakat fuqarolariga minnatdorlik bildiramiz”, dedi u.
Japarovning fikricha, ushbu fojiali voqea bir hududda istiqomat qilayotgan barcha millat vakillarining hamjihatligi muhim ahamiyat kasb etishini yana bir bor isbotlagan.
“Fojia ko‘zimizni ochdi, davlat yaxlitligi yo‘lida o‘z ishimizda ehtiyotkor bo‘lishimiz kerakligini yaqqol ko‘rsatdi. Bu voqealar har bir qirg‘iz fuqarosida mamlakatimiz taqdiri uchun mas’uliyat hissini uyg‘otdi”, deydi Qirg‘iziston Prezidenti.
Ma’lumot uchun 2010 yilning iyun oyida Qirg‘izistonning janubida mahalliy qirg‘izlar va o‘zbeklar o‘rtasida etnik mojaro chiqdi. “O‘sh voqealari” nomi bilan tarixga kirgan ushbu nizo oqibatida 500 ga yaqin inson halok bo‘ldi. Jarohatlanganlar soni mingdan, qo‘shni O‘zbekistonga qochib o‘tganlar soni esa yuz mingdan oshdi. Bundan tashqari 3,5 mingdan ortiq ko‘chmas mulk vayron qilindi. Shundan atiga 275 tasi davlatga tegishli, qolgan katta qismi esa mahalliy aholining boshpanasi edi. Ushbu statistika voqeaning ko‘lamidan dalolat: yongan uylar, qonga belangan qo‘llar, yaqinlaridan ayrilgan insonlar.
Respublikaning yaqin tarixidagi birinchi inqilob 2005 yil mart oyida o‘tkazilgan, uning natijasida birinchi Prezident Asqar Akayev hokimiyatdan ag‘darilgan, u ham xavfsizlik nuqtai nazaridan oilasi bilan chet elga ketishga majbur bo‘lgan.
LiveBarchasi